Uch avlod vakillari “Yoshlar kuni”da uchrashdi
Surxondaryo viloyatining Angor tumanida "Payshanba – Yoshlar kuni" munosabati bilan “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Unda mehnat faxriylari, o‘rta avlod, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda tuman hokimi Qosim Mardonov mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlarning ilm-fan sirlarini chuqur o‘rganib, o‘z iste’dodini namoyish etishi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan o‘g‘il-qizlar ilm-fan, madaniyat, san’at va sport kabi sohalarda quvonarli yutuqlarga erishayotgani qayd etildi.

– Joriy yil tumandagi umumta’lim maktablarini 1 ming 632 nafar bitiruvchi yosh tugatib, mustaqil hayotga yo‘llanma olmoqda, – dedi Qosim Mardonov. Ularning 14 nafari fanlarni a’lo baholarga o‘qib, yuqori natijalar bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, bitiruvchi o‘quvchilarning san’at, sport va boshqa yo‘nalishlarda erishayotgan yutuqlari bilan ham faxrlansak arziydi. Bularning barchasi yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi samarasidir.

Uchrashuvda uch avlod vakillari samimiy suhbat qurdi. Keksa va o‘rta avlod vakillari yoshlik yillarini yodga olib, xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Yoshlar o‘z hayotlari misolida yigit-qizlarga yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar, erishayotgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi.

Tadbirda yoshlarni ilm-fanga yo‘naltirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. Umumta’lim maktablarini oltin medal bilan bitirayotgan o‘g‘il-qizlarga esdalik sovg‘alar topshirilib, ularning kelgusidagi o‘qish va mustaqil hayotiga muvaffaqiyat tilandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri