U-14. Chorak final ishtirokchilari ma’lum
14 yoshlilar o‘rtasidagi mamlakat chempionatining guruh bahslari nihoyasiga yetdi. Toshkent shahridagi “Chig‘atoy” va “Bunyodkor” akademiyasi maydonlarida tashkil etilgan 3-tur o‘yinlaridan so‘ng chorak final ishtirokchilari nomi ma’lum bo‘ldi.
Guruh uchrashuvlarida faqatgina “Nasaf” (“A” guruhi) va “Navbahor” (“Ye”) klubi yoshlari yuz foizlik natijaga erishishdi. Shuningdek, “Odil-Junior” (“V”), “Xorazm” (“S”) hamda “Nurafshon” (“D”) jamoalari ham o‘z guruhlarida peshqadamlik qilishdi.

Chorak finalga guruhlarda ikkinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi uchta jamoa – “Andijon” (“A”), “Paxtakor” (“V”) va “Qizilqum” (“D”) ham yo‘llanma oldi. O‘z guruhlarida “Bunyodkor” va “Mash’al” hatto “V” guruhida uchinchi o‘rinni egallagan “Lokomotiv” jamoalari ham oltitadan ochko to‘plashgan edi, biroq hal qiluvchi pallada to‘plar nisbati inobatga olindi. “Metallurg” 4 ochko, “Surxon”, “Neftchi” va AGMK jamoalari esa uch ochkodan jamg‘arishdi.
“So‘g‘diyona”, “Turon”, “Qo‘qon-1912” va “Dinamo” klublari tarbiyalanuvchilari musobaqada birorta ham ochko ishlay olishmadi. Nukusning “Aral Samali” jamoasi esa moliyaviy muammolari sabab Toshkentga yetib kela olmadi.

Chorak final o‘yinlari:
10 noyabr, yakshanba. “Chig‘atoy” stadioni.
XORAZM – ANDIJON
NASAF – PAXTAKOR
NAVBAHOR – QIZILQUM
NURAFSHON – ODIL JUNIOR.