Tyanszindan Bishkekgacha: adolatli xalqaro tartibot sari
Bugun dunyo jadal o‘zgarayotgan, xalqaro munosabatlarda yangi kuch markazlari vujudga kelayotgan bir sharoitda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va teng huquqlilik tamoyillarini qaror toptirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Global boshqaruv tizimini zamonaviy voqelikka moslashtirish, barcha mamlakatlarning manfaatlarini hisobga olish hamda xalqaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Shu nuqtayi nazardan, joriy yil 1-sentyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan bildirilgan fikrlar alohida ahamiyat kasb etadi. Unda SHHT faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, dunyoda teng huquqli va tartibli ko‘p qutblilikni shakllantirish, adolatli hamda oqilona global boshqaruv tizimini barpo etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Si Szinpinning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Global Janubning jadal yuksalishi xalqaro maydondagi kuchlar muvozanatida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy salohiyati oshib, ularning jahon jarayonlaridagi o‘rni va ta’siri tobora kuchaymoqda. Bu esa xalqaro tizimni isloh qilish, unda barcha davlatlarning huquq va manfaatlari munosib aks etishini ta’minlash masalasini kun tartibiga olib chiqmoqda.
Bundan bir yil avval, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilganining 80 yilligi arafasida, Tyanszinda o‘tkazilgan SHHT sammitida Xitoy tomonidan Global boshqaruv tashabbusi ilgari surilgan edi.
Mazkur tashabbus xalqaro munosabatlarda yanada adolatli va oqilona tizimni shakllantirishga qaratilgan muhim yondashuv sifatida e’tirof etildi. Unda davlatlarning suveren tengligi, o‘zaro hurmat, xalqaro huquq ustuvorligi, ko‘p tomonlama muloqot va umumiy manfaatlarga asoslangan hamkorlik kabi tamoyillar markaziy o‘rin egallaydi.
Tyanszinda boshlangan jarayonning bir yildan so‘ng Bishkekda davom ettirilayotgani e’tiborga molikdir. Zero, bu galgi sammitda BMTning xalqaro munosabatlardagi markaziy rolini mustahkamlash va ko‘p qutbli dunyoni barpo etish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Xo‘sh, ko‘p qutbli dunyo qanday bo‘lishi kerak? Unda turli davlatlar qanday o‘rin tutadi?
Xitoy ilgari surayotgan “teng huquqli va tartibli ko‘p qutbli dunyo” konsepsiyasi ana shu savollarga javob izlashga qaratilgan.
Teng huquqlilik, avvalo, barcha mamlakatlar uchun teng huquq, teng imkoniyat va yagona qoidalarni ta’minlashni nazarda tutadi. Hududi, aholi soni, iqtisodiy salohiyati yoki rivojlanish darajasidan qat’i nazar, har bir davlat xalqaro jarayonlarda ishtirok etish, o‘z manfaatlarini ifoda etish va umumiy taraqqiyotga hissa qo‘shish huquqiga ega bo‘lishi lozim.
Tartiblilik esa BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga qat’iy amal qilish, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini hurmat qilish, BMT markaziy o‘rin tutadigan xalqaro tizim doirasida muloqot va hamkorlikni rivojlantirishni anglatadi.
Bunday yondashuvda suveren tenglik va o‘zaro hurmat – asosiy tamoyil, muvozanat va barqarorlik – muhim shart, ko‘p tomonlama muloqot va maslahatlashuv – samarali vosita, o‘zaro manfaat va umumiy farovonlik esa bosh maqsad sifatida namoyon bo‘ladi.
Bishkekda ushbu tamoyillarga e’tibor qaratilgani xalqaro munosabatlarda qarama-qarshilikka emas, balki muloqot va kelishuvga ustuvorlik berish zarurligini yana bir bor tasdiqladi.

Ko‘p qutbli dunyoning shakllanishi global boshqaruv tizimini takomillashtirish jarayonlari bilan uzviy bog‘liqdir. Dunyo iqtisodiyotida yangi o‘sish markazlarining paydo bo‘lishi, rivojlanayotgan davlatlar salohiyatining ortishi amaldagi tizimni zamonaviy voqelikka moslashtirish zaruratini kuchaytirmoqda.
Shu bilan birga, adolatli va oqilona qoidalarga asoslangan xalqaro muhitni shakllantirish davlatlarning teng huquqli ishtirokini ta’minlash, ular o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash va umumiy muammolarni birgalikda hal etish uchun poydevor yaratadi.
Bu borada SHHTning o‘rni beqiyosdir.
Chorak asrlik tarixida tashkilot dastlabki mintaqaviy muloqot platformasidan keng qamrovli hamkorlik tuzilmasiga aylandi. Bugungi kunda unga a’zo davlatlar jahon aholisining qariyb yarmini va global iqtisodiyotning salmoqli qismini o‘z ichiga oladi.
Tashkilot doirasida xavfsizlik, iqtisodiyot, savdo, transport, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Turli siyosiy va iqtisodiy tizimlarga ega mamlakatlarning umumiy manfaatlar yo‘lida muloqot olib borayotgani SHHTning o‘ziga xos jihatlaridan biridir.
Si Szinpin ta’kidlaganidek, yanada jips va faol SHHT Yevroosiyo qit’asining ravnaqiga xizmat qilishi, Global Janub mamlakatlarining taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlashi hamda xalqaro tizimni isloh qilish jarayoniga munosib hissa qo‘shishi mumkin.
Bu jarayon O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimiz tashqi siyosatida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, davlatlarning suveren tengligini hurmat qilish, ochiq muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan. Shu jihatdan, SHHT doirasida ilgari surilayotgan konstruktiv tashabbuslar O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro hamkorlikka doir yondashuvlari bilan to‘la hamohangdir.
O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining bugungi sur’ati ham ana shu o‘zaro manfaat va hurmatga asoslangan yondashuvning amaliy samarasidir.
So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil chuqurlashib, siyosiy muloqot bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, ta’lim va gumanitar sohalarni ham qamrab olmoqda.
Ayniqsa, zamonaviy infratuzilmani barpo etish, yangi transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika salohiyatidan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik mamlakatlarimiz iqtisodiy taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi yaqin hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki Markaziy Osiyoda barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash nuqtayi nazaridan ham muhimdir. Mintaqaning transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, savdo aloqalarini rivojlantirish va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish umumiy taraqqiyotga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, Tyanszindan Bishkekkacha bo‘lgan jarayonga nazar tashlasak, global boshqaruvni isloh qilish g‘oyasi tobora amaliy mazmun kasb etayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Bugun insoniyat oldida turgan muammolarni – tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishi, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport-kommunikatsiya aloqalarini kengaytirish kabi vazifalarni – biror davlatning yolg‘iz o‘zi hal eta olmaydi.
Shu bois xalqaro munosabatlarda muloqot, o‘zaro ishonch, tenglik va hamjihatlikka asoslangan yondashuvning ahamiyati tobora ortmoqda.
SHHTning rivojlanish falsafasi ham aynan shu maqsadlarga – xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va umumiy manfaatlar asosida muloqotni kengaytirishga qaratilgan.
Tyanszinda ilgari surilgan tashabbuslar va Bishkekda davom ettirilgan muhokamalar shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy dunyoda barqaror taraqqiyotga erishish uchun qarama-qarshilikdan ko‘ra hamkorlik, bosim o‘tkazishdan ko‘ra muloqot, bir tomonlama qarorlardan ko‘ra umumiy kelishuv samaraliroqdir.

Eng muhimi, adolatli va ochiq xalqaro tizimni shakllantirish barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olishni taqozo etadi. Bunda BMTning markaziy rolini saqlash, suveren tenglik va xalqaro huquq tamoyillariga amal qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining izchil rivoji, SHHT doirasidagi keng qamrovli hamkorlik va global boshqaruvni takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar bir maqsad – tinchlik, barqarorlik va umumiy taraqqiyot uchun yanada qulay xalqaro muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Bunday yondashuv esa o‘zgarishlar davrini boshdan kechirayotgan dunyoda o‘zaro ishonch va hamkorlikka asoslangan yangi imkoniyatlarni kengaytirish, mamlakatlar va xalqlarni mushtarak maqsadlar atrofida birlashtirish uchun muhim omil bo‘lib qoladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA