«Tutqunlik» filmining namoyishi
Yoshlar ijod saroyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan «Tutqunlik» badiiy filmi OAV vakillari, ijodkorlar, harbiylar, yoshlar uchun namoyish qilindi.
Namoyishdan oldin ijodiy jamoa tanishtirib o‘tildi. Film rejissyori Rashid Malikov kartina suratga olinishi jarayonlari, mashaqqati haqida so‘zlab berdi.
Film Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019-2020 yillarda o‘tkazilgan «Mehr» operatsiyasiga bag‘ishlangan.

Ssenariy mualliflari Azamat Qorjovov va Rashid Malikov. Postanovkachi operator Aleksey Venzos, kompozitor Dmitriy Yanov-Yanovskiy, rassom Doniyor Abdurahmanov.
Kartinada tinch yurtini tashlab, o‘zga yurtga pul topish maqsadida ketgan insonlar taqdiri hikoya qilinadi. Adolatsizlikka uchragan shifokor, turmush o‘rtog‘i xohishi bilan shu yo‘lni tanlashga majbur bo‘lgan ayol, farzandlar qismati ochib berilgan. Filmda jang manzaralari, Suriyaning urushdan, o‘qlardan xilvatga aylangan uylari, halovatsiz cho‘l va sahrosi tasvirlangan.

Kartina tutqunlikda, hor va zorlikda, yurt sog‘inchida yashayotganlarni yurtga qaytarish uchun yetib borgan avtobuslarning kelishi bilan tugaydi.
Ma’lumot uchun, Prezident tashabbusi bilan qayta tiklangan va Kinematografiya agentligi tomonidan o‘tkazilgan «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalida «Tutqunlik» badiiy filmining katta premerasi bo‘lib o‘tgan.

Film namoyishdan so‘ng, fikr- mulohazalar bildirildi. Takliflar tinglandi, savollarga film ijodkorlari tomonidan javob berildi.
D. Mamatova, O‘zA