“Turon” maktab teatri g‘oliblari aniqlandi
Navoiy viloyat Bolalar qo‘g‘irchoq teatrida o‘quvchilarda notiqlik san’ati va sahna madaniyatini shakllantirish, o‘z salohiyatlarini yuzaga chiqarish, ta’lim muassasalaridagi teatr studiyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Turon” maktab teatri respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Ushbu tanlovda ishtirok etish uchun viloyatdagi 367 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan 2 496 nafar jamoa onlayn ro‘yxatdan o‘tdi.
Jamoalar joriy yilning 2-6-mart kunlari tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida ishtirok etdi. G‘olib bo‘lgan 11 ta jamoa ishtirokchilari tanlovning viloyat bosqichida “Bizning maktab” nomli tanishtiruv va savol-javob hamda “Teatr – ibratxona” shartlarida o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
[gallery-28505]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Karmana tumanidagi 3-maktabning “Shukur Burhonov izdoshlari” jamoasi 2-o‘rinni, Xatirchi tumanidagi 5-maktabning “Turon yulduzlari” jamoasi 3-o‘rinni egalladi. 1-o‘rinni esa Navoiy shahridagi 22-maktabning “Kelajak” jamoasi qo‘lga kiritdi va yakuniy bosqichda ishtirok etadigan bo‘ldi.
G‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari