Turkmaniston Davlat axborot agentligi rahbari O‘zAda (+video)
Ma’lumki, 9-10 noyabr kunlari Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining 16-uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
An’anaga muvofiq, bu gal ham yurtimizga ko‘plab nufuzli xorijiy mehmonlar qatori tashkilotga a’zo mamlakatlardan OAV vakillari ham tashrif buyurgan. Ulardan biri – Turkmaniston Davlat axborot agentligi rahbari Merdan Gazakbayev bugun O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tashrif buyurdi.
Ikki mamlakat yetakchi axborot agentliklari rahbarlari o‘rtasida kechgan muloqot avvalida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘zaro strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar davom etayotgani ta’kidlanib, mehmonga yurtimizda turli sohalar qatori media makonda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nyU9L9laERg" title="Turkmaniston Davlat axborot agentligi rahbari O‘zAda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, qardosh o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi mushtarak munosabat, ayniqsa, madaniyat, san’at, axborot almashinuvi kabi sohalarda jadal rivojlanayotgani, ayni jarayonda har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida muntazam axborot almashish muhimligi qayd etildi.
Merdan Gazakbayev Turkmaniston Davlat axborot agentligi O‘zA bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zaro muloqot chog‘ida O‘zA va Turkmaniston Davlat axborot agentligi o‘rtasida axborot almashish ko‘lamini kengaytirish, xodimlar tajriba va malakasini tizimli oshirib borish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligi ma’qullandi.
– Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda, – dedi Merdan Gazakbayev. – Har ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro rasmiy tashriflari natijasida, strategik sheriklik mustahkamlanyapti. Turkmanistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, O‘zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlari o‘tkazildi. Mazkur anjumanlar xalqlarimizni yanada jipslashtirdi, deyish mumkin. Bilasizmi, mamlakatlarimizdagi muhim voqealar haqida axborot berishda manbaning xolis, ishonchli bo‘lishi juda muhim. Shu ma’noda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga kelishib olganimiz ayni muddao. Fursatdan foydalanib, qardosh o‘zbek xalqiga tinchlik, farovonlik, yurtingizga yanada obodlik tilaymiz.
Turkmaniston Davlat axborot agentligi (TDH) asosiy rasmiy agentlik sifatida davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatidan kelib chiqib, o‘z saytida muntazam ravishda mamlakatimiz hayotiga oid materiallar e’lon qilib boradi.
O‘tkir Alimov, Murodxon Xo‘jayev (surat), Yoqubjon Meliboyev (video), O‘zA