Turkiyadagi vatandoshlar bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Antaliyadagi Akdeniz universititetida tahsil olayotgan vatandosh-talabalar hamda ushbu viloyatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimiz bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekiston Prezidenti saylovi to‘g‘risida, jumladan, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati, saylovlarda qatnashayotgan beshta siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari hamda muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatlari va shart-sharoitlari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Turkiyadagi fuqarolarimizning saylovda ovoz berishi uchun O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxonasida saylov uchastkalari faoliyat yuritayotgani, mamlakatning boshqa shaharlarida tashkil etiladigan muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari, ovoz berish tartib-qoidalari, shuningdek, chet eldagi O‘zbekiston fuqarolari uchun Tashqi ishlar vazirligining sayti yaratilgani haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi.
O‘zA