Turkiyada mingdan ortiq namoyishchi hibsga olindi
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘lining qamoqqa olinishi ortidan o‘tkazilgan namoyishlar chog‘ida mingdan ortiq odam qamoqqa tashlanganini ma’lum qildi. Bu haqda “CNN” nashri yozib chiqdi.
–19-23 mart kunlari ichida amalga oshirilgan noqonuniy harakatlarda mingdan ortiq gumondor shaxslar qo‘lga olindi, ular orasida terror tashkilotlariga aloqador shaxslar ham bor, – dedi Yerlikaya.
Prezident Rajab Toyyip Erdog‘anning siyosiy raqibi Imomo‘g‘li chorshanba kuni o‘z yashash joyida hibsga olindi. Istanbul rasmiylari jamoat tartibini saqlash va bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday provokatsion harakatlarning oldini olish maqsadida namoyishlarni taqiqlab, ayrim yo‘llarni yopib qo‘ydi.

Namoyishlarda 120 dan ortiq politsiya xodimining ham yaralanganini bildirgan Yerlikaya, olomon namoyish davomida kislota, tosh, bolta va pichoq kabi sovuq qurollardan foydalanganini qayd etdi.
– Hech kim xalqimizdan o‘z siyosiy ambitsiyalari uchun qalqon sifatida foydalanishga urinmasin, - deya ta’kidladi vazir.
Erdog‘an kecha o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘nggi noroziliklarni “zo‘ravonlik harakati” deb atadi va namoyishlar chog‘ida politsiya xodimlariga yetkazilgan har qanday moddiy zarar va jarohatlar uchun asosiy muxolifat partiyasi bo‘lmish Jumhuriyat Xalq partiyasi javobgar ekanligini aytdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA