Turkiya va Isroil o‘rtasidagi munosabat tiklanmoqda
Bosh vazir Yair Lapid va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an o‘rtasidagi muloqotdan so‘ng Isroil va Turkiya diplomatik munosabatni to‘liq tiklamoqda. Bu haqda Isroil Bosh vaziri idorasi ma’lumot tarqatdi.
Tashqi ishlar vazirliklari vakillari ko‘rishuvi chog‘ida “ikki davlat o‘rtasidagi aloqani to‘liq diplomatik munosabat darajasiga ko‘tarish hamda ikki mamlakat elchilari va bosh konsullarini poytaxtlarga qaytarishga qaror qilindi”, deyiladi xabarda.
Matbuot bayonotida, shuningdek, Turkiya bilan munosabat qayta tiklanishi haqida Lapid shunday dedi: Bu mintaqaviy barqarorlikning muhim omili va Isroil fuqarolari uchun juda muhim iqtisodiy yangilik. Biz Isroilning dunyodagi mavqeini mustahkamlashda davom etamiz. Diplomatik munosabat tiklanishi Isroil Prezidenti Isxak Gersogning 2022 yil mart oyida Anqaraga tashrifi va Tashqi ishlar vazirlarining o‘zaro tashrifidan boshlab rivojlanish yo‘liga tushgan edi.
Ushbu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatga 2010 yil Isroil maxsus kuchlari Turkiyaning “Moviy marmara” yuk kemasini qo‘lga kiritgandan keyin darz ketgan edi.