Turkiya bilan urug‘chilik sohasidagi hamkorlik kengaytiriladi
Ma’lumki, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida urug‘chilik sohasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan va u izchil rivojlantirilmoqda. Ikki mamlakat urug‘lik yetishtirish, nav sinash va sohani xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish bo‘yicha qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.
Shunga ko‘ra, poytaxtimizda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Sh.Aminov hamda Turkiyaning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti urug‘lar assotsiatsiyasi (ECOSA) Direktorlar kengashi raisi Yildiray Gendjer boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda 2026-yil 27–28-oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “9-ECOSA” xalqaro urug‘chilik kongressiga tayyorgarlik ko‘rish, tadbirning tashkiliy masalalari hamda kongress doirasidagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Shuningdek, Turkiya bilan urug‘chilik sohasida, xususan, makkajo‘xori va sabzavot ekinlari urug‘chiligi yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar urug‘chilik sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashdilar.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA