Turkiy xalqlarning mushtarak tilshunoslik merosi
O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida «O‘zbek tilining jahon miqyosidagi o‘rni va nufuzini oshirish istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Tadbir o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi «Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur institut axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda mamlakatimizning taniqli tilshunos olimlari, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. Bu esa anjumanning nafaqat milliy tilshunoslik, balki turkiy xalqlar o‘rtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyatini ham namoyon etdi.

Anjumanning yalpi majlisini O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Yalpi majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov, taniqli tilshunos olim, professor Nizomiddin Mahmudov hamda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning tabrik so‘zlari tinglandi. Ma’ruzalarda o‘zbek tilining milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, uni zamonaviy ilm-fan va ta’lim tizimida keng targ‘ib qilish hamda tilshunoslik sohasidagi ilmiy izlanishlarni yanada rivojlantirish masalalari anjumanning asosiy yo‘nalishlari sifatida namoyon bo‘ldi.
Anjuman dasturidan o‘rin olgan xorijiy olimlarning ilmiy ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularda turkiy xalqlarning umumiy til va madaniyat merosi, tarixiy manbalarni o‘rganish, o‘zbek tilini xorijda o‘qitish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlash kabi masalalar yoritildi.
Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Tilshunoslik instituti direktori Nodir Mammadli «O‘zbek-ozarbayjon tilshunosi Xolid Saidning “Devonu lug‘otit turk” asari tarjimasi xususida» mavzusida ma’ruza qildi. Olim Xolid Saidning ilmiy merosi, Mahmud Koshg‘ariy asarini tarjima qilishdagi xizmatlari va turkiy xalqlarning mushtarak tilshunoslik merosini o‘rganishning ilmiy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Ma’ruzada tarixiy yozma manbalarni chuqur tadqiq etish turkiy tillarning taraqqiyot bosqichlari va o‘zaro aloqalarini anglashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi Tilshunoslik instituti professori, filologiya fanlari doktori Burul Saginbayeva «Turkiy xalqlar madaniyatida ayol go‘zalligi: lingvomadaniy va tarixiy-semantik tahlil» mavzusida ma’ruza qildi. Unda ayol go‘zalligi haqidagi tasavvurlarning turkiy tillarda ifodalanishi, bu tushunchalarning tarixiy ildizlari, milliy qadriyatlar va xalq og‘zaki ijodi bilan bog‘liq jihatlari qiyosiy tahlil etildi.
Ozarbayjondagi Turkiy dunyo tadqiqotlari markazi direktori Mirzali Maleyka Azer esa «Ozarbayjonda o‘zbek tilini o‘qitish masalalari» mavzusida ma’ruza qildi. Unda qardosh yurtda o‘zbek tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim va ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi. Ma’ruzachi o‘zbek tilshunoslari va ziyolilarini mazkur yo‘nalishda yangi tashabbuslar bilan chiqishga chaqirdi.
Ushbu ma’ruzalar o‘zbek tilining xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashda tarixiy merosni o‘rganish, zamonaviy ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanish va xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ekanini ko‘rsatdi.

Yalpi majlisda o‘zbekistonlik olimlarning ma’ruzalari ham keng o‘rin oldi. Professorlar Inomjon Azimov, Abdulla O‘razboyev, Yorqinjon Odilov, Muhammadxon Hakimov, Muyassar Saparniyozova hamda tadqiqotchi Kamola Yusupova jadidlar va umumturkiy alifbo, mumtoz lug‘atlar, til siyosati, matn pragmatikasi, til ekologiyasi va davlat tilining reklama makonidagi mavqeiga oid ilmiy masalalarni yoritdilar.
Ma’ruzalarda tilning tarixiy taraqqiyotini o‘rganish bilan birga, uning bugungi jamiyatdagi vazifalari, zamonaviy kommunikatsiya jarayonlaridagi o‘rni va rivojlanish istiqbollariga ham e’tibor qaratildi. Ayniqsa, davlat tilining ijtimoiy hayotdagi mavqeini mustahkamlash, til me’yorlariga rioya etish, terminologiyani takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish masalalari dolzarbligi bilan ajralib turdi.

Ilmiy muhokamalar jarayonida o‘zbek tilini xorijiy mamlakatlarda o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy tilshunoslik va shevashunoslikni rivojlantirish, milliy tilning boy lug‘aviy imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Anjuman davomida bildirilgan fikrlar va ilmiy qarashlar o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlash ko‘p qirrali va uzluksiz jarayon ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu jarayonda ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, tilni xorijda o‘qitish tizimini rivojlantirish, zamonaviy lug‘atlar va terminologik manbalar yaratish, shuningdek, yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish muhim o‘rin tutadi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida tajriba almashish, dolzarb ilmiy masalalarni muhokama qilish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Zero, o‘zbek tilining jahon miqyosidagi nufuzini oshirish – bu nafaqat tilshunos olimlar, balki ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, ijod ahli va keng jamoatchilikning hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini talab etadigan muhim vazifa. Ona tilimizning boy imkoniyatlarini dunyoga tanitish, uning ilmiy va madaniy salohiyatini namoyon etish hamda xalqaro muloqotdagi o‘rnini kengaytirish yo‘lida bunday anjumanlarning ahamiyati beqiyos.
N.Usmonova, O‘zA