Turkiy dunyo ijodkorlarining «2026-yil — Ziyo Ko‘kalp yili» doirasidagi xalqaro ijodiy uchrashuvi
Shu yilning 20-22-avgust kunlari Andijon shahrida TURKSOY Yozuvchilar uyushmasining yig‘ilishi hamda «2026-yil — Ziyo Ko‘kalp yili»ga bag‘ishlangan xalqaro ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda.
2026-yilda buyuk mutafakkir, shoir va jamoat arbobi Ziyo Ko‘kalp tavalludiga 130 yil to‘ldi. U barcha turkiy xalqlarni madaniy, adabiy va ma’naviy jihatdan birlashtirish, mushtarak ildizlarni tiklash g‘oyasini ilmiy va nazariy jihatdan asoslab bergan yirik mutafakkirlardan biri sanaladi.
Ziyo Ko‘kalpning qarashlari va asarlari XX asr boshidagi o‘zbek ma’rifatparvarlari — Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon va Munavvarqori Abdurashidxonov kabi jadid bobolarimizning milliy uyg‘onish g‘oyalariga kuchli mafkuraviy ta’sir ko‘rsatgan. U nafaqat zabardast ijodkor, balki Mustafo Kamol Otaturk davrida yangi Turkiya Respublikasining milliy mafkurasi va ijtimoiy fanlari, xususan, turk sotsiologiyasi poydevorini yaratgan yirik davlat va jamoat arbobi sifatida ham tarixda muhim o‘rin tutadi.

Mazkur yirik tadbir arafasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati mas’ul xodimi, uyushma a’zosi Zulayho Ahmadjonova quyidagi fikrlarni bildirdi:
— Shuni aytish kerakki, Andijon shahri TURKSOY Doimiy kengashining qaroriga binoan «2026-yilda Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti» deb e’lon qilingan. TURKSOY Yozuvchilar uyushmasining yig‘ilishi aynan ushbu madaniy poytaxt tadbirlari doirasida tashkil etilmoqda. Xalqaro ijodiy uchrashuv va yig‘ilish 2026-yilning 20–22-avgust kunlari Andijonda bo‘lib o‘tmoqda.

Xalqaro tadbir buyuk turk mutafakkiri va shoiri Ziyo Ko‘kalp tavalludining 130 yilligi munosabati bilan unga bag‘ishlangan. Zero, TURKSOY tashkiloti tomonidan 2026-yil rasman «Ziyo Ko‘kalp yili» deb e’lon qilingan. Anjumanda ishtirok etish uchun Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘iston kabi qardosh davlatlardan taniqli ijodkorlar va delegatsiya vakillari tashrif buyurgan. Delegatsiya a’zolari Andijonga yo‘l olishdan avval Toshkent shahrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati tomonidan kutib olindi.

Xalqaro uchrashuvda turkiy xalqlar adabiyoti, boy madaniy merosi va o‘zaro ijodiy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Andijon viloyati hokimligi va TURKSOY hamkorligida tashkil etilgan.
Bunday ijodiy loyihalar Andijonning xalqaro maydondagi sayyohlik va madaniy salohiyatini keng targ‘ib etishga ham xizmat qiladi. Ayni tadbirlar arafasida Turkiya, Ozarbayjon va Qozog‘istondan O‘zbekistonga tashrif buyurgan bir guruh delegatsiya vakillari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mehmon bo‘ldi.

Qardosh mamlakatlardan kelgan ijodkorlarni uyushma raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid boshchiligidagi vakillar kutib oldi. Mehmonlar dastlab O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tarixi va bugungi faoliyati haqida hikoya qiluvchi muzey bilan tanishdi. Shuningdek, yurtimiz adib va shoirlari uchun yaratilgan ijodiy muhit, adabiy jarayonni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot oldi.
Shundan so‘ng qardosh mamlakatlar ijodkorlari va o‘zbek adiblari ishtirokida samimiy adabiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni G‘ayrat Majid ochar ekan, turkiy xalqlar adabiyotini bir-biriga yaqinlashtirish, mushtarak adabiy qadriyatlarni targ‘ib etish va ijodkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ekanini ta’kidladi.
Muloqotda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Yesdaulet va boshqa ijodkorlar so‘zga chiqdi. Notiqlar turkiy dunyo adabiyotining bugungi taraqqiyoti, ijodkorlar o‘rtasidagi adabiy aloqalarni kengaytirish, tarjima ishlarini rivojlantirish hamda mushtarak ma’naviy merosni yangi avlodga yetkazish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Adabiyotning chegara bilmas qudrati yana bir bor ana shu muloqotda namoyon bo‘ldi. Turkiy xalqlarni birlashtirib turgan umumiy tarix, til, adabiy an’ana va ma’naviy qadriyatlar bugungi ijodiy hamkorlik uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, «2026-yil — Ziyo Ko‘kalp yili» doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar turkiy dunyo adabiyotining ulug‘ namoyandasi xotirasi va ijodiy merosini keng targ‘ib etish, uning adabiy-ma’rifiy g‘oyalarini bugungi avlod qalbiga yetkazish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv samimiy muloqotlar, adabiyot haqidagi mushtarak fikrlar va yangi ijodiy hamkorliklarga umid bilan yakunlandi. Andijonda davom etadigan xalqaro adabiy anjuman esa bu ezgu muloqotlarning mantiqiy davomi bo‘ladi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon To‘rayev (suratlar),
O‘zA