Turkiy davlatlar hamkorligi: barqaror taraqqiyot sari mushtarak qadamlar
2026-yil 30-oktabr kuni Anqarada «Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik» shiori ostida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport-logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish, investitsiyaviy hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Mazkur sammitning ahamiyati haqida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayev quyidagilarni gapirib berdi:
— Bugungi dunyoda mintaqaviy hamkorlikning samaradorligi faqat savdo aylanmasi, investitsiyalar hajmi yoki imzolangan kelishuvlar soni bilan belgilanmaydi. Mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklikning haqiqiy ahamiyati uning aholi farovonligi, iqtisodiyot raqobatbardoshligi, ekologik xavfsizlik va kelajak avlodlar imkoniyatlariga qo‘shgan hissasida namoyon bo‘ladi.
30-oktabr kuni Anqara shahrida «Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik» shiori ostida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ilgari surilgan tashabbuslar aynan shu jihatdan e’tiborga molik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida tashkilotni o‘zaro ishonch va amaliy sheriklik maydoni sifatida baholab, iqtisodiy integratsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, turizm, ta’lim va ekologik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator aniq takliflarni bildirdi.
Ushbu tashabbuslarning ahamiyati shundaki, ular turkiy davlatlarning tarixiy-madaniy yaqinligini zamonaviy iqtisodiy taraqqiyot va inson farovonligi bilan bog‘lashga qaratilgan. Bu esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibi bilan ham bevosita uyg‘unlashadi.
Sammitda bildirilgan muhim takliflardan biri «Turkiy dunyo – 100» dasturini qabul qilish tashabbusidir. Mazkur dastur yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab olishi nazarda tutilmoqda. Ularni amalga oshirishda Turkiy investitsiya jamg‘armasi va xalqaro moliyaviy institutlar resurslaridan foydalanish, nodir va strategik minerallarni chuqur qayta ishlash, «yashil» energetika uskunalarini mahalliylashtirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ustuvor ahamiyat berish taklif etildi.
Bu tashabbus BRMning munosib mehnat va iqtisodiy o‘sishga oid 8-maqsadi, sanoat va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan 9-maqsadi hamda mas’uliyatli ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi 12-maqsadi bilan uzviy bog‘liq. Ayni paytda qo‘shma loyihalarning natijadorligini faqat investitsiyalar hajmi bilan emas, balki yaratilgan ish o‘rinlari, texnologik yangilanish, mahalliy korxonalar ishtiroki va resurslar samaradorligi orqali baholash muhim.
Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tijorat ishlarida o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish hamda elektron hujjat almashinuvini rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar ham ishbilarmonlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining O‘rta koridor va unga tutash transport yo‘laklarini yaxlit iqtisodiy tizimga aylantirish haqidagi tashabbusi alohida ahamiyatga ega. Shu maqsadda «Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i»ni tashkil etish va uni birgalikda boshqarish taklif qilindi.
Bunday yondashuv transport yo‘laklarini faqat yuk tashish marshruti emas, balki sanoat, savdo, investitsiya va raqamli xizmatlarni o‘zaro bog‘lovchi iqtisodiy makon sifatida rivojlantirish imkonini beradi. O‘zbekiston uchun bu tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, transport xarajatlarini kamaytirish va yangi bozorlarga chiqishni kengaytirish nuqtai nazaridan muhim.
Sammitda «Turkiy turizm alyansi»ni tashkil etish taklifi ham ilgari surildi. Prezident keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda turkiy davlatlarga 100 milliondan ziyod xorijlik sayyoh tashrif buyurgan. Tarixiy shaharlar va madaniy meros ob’ektlarini qamrab oluvchi qo‘shma turistik yo‘nalishlar hududlarda kichik biznes, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishi mumkin.
Shuningdek, fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim ishlab chiqish, ID-kartalar asosida safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish va chegaradan o‘tish tartiblarini soddalashtirish tashabbusi xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qilishi mumkin. Ushbu yo‘nalishlar BRMning iqtisodiy o‘sishga oid 8-maqsadi, barqaror shaharlar va madaniy merosni muhofaza qilishga doir 11-maqsadi hamda hamkorlikka bag‘ishlangan 17-maqsadi bilan uyg‘unlashadi.
Anqara sammitida ta’lim va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» doirasida 500 nafar xorijlik talabaga grant asosida ta’lim olish imkoniyati yaratilganini ta’kidlab, turkiy davlatlar vakillariga har yili 200 ta ta’lim granti ajratishga tayyorlik bildirildi.
Bu tashabbus BRMning sifatli ta’limga oid 4-maqsadi bilan bog‘liq bo‘lib, kelgusida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, texnologik hamkorlik va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Ekologik yo‘nalishda ham muhim yangilik qayd etildi. Davlatimiz rahbari 2027-yilni Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida «Tabiatni asrash yili» deb e’lon qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi. Kelgusi yilning ustuvor ekologik vazifalarini Antaliyada o‘tadigan COP31 konferensiyasi doirasida tegishli vazirlar uchrashuvida muhokama qilish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur yo‘nalish suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, yerlar degradatsiyasining oldini olish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish nuqtai nazaridan ahamiyatli. Bu vazifalar BRMning 6-, 7-, 13- va 15-maqsadlari bilan bevosita bog‘liq.
Anqara sammitida ilgari surilgan tashabbuslar turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi amaliy bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini ochmoqda. Biroq, ularning uzoq muddatli samarasi aniq dasturlar, moliyalashtirish mexanizmlari va natijadorlik ko‘rsatkichlariga bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan, tashkilot doirasidagi ustuvor loyihalarni BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan tizimli bog‘lash maqsadga muvofiq. Jumladan, «Turkiy dunyo – 100» dasturi doirasida bandlik va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini, logistika loyihalarida vaqt va xarajatlarning qisqarishini, turizmda mahalliy iqtisodiyotga qo‘shilgan hissani, ta’limda grantlar qamrovini, ekologik dasturlarda esa resurslardan foydalanish samaradorligini baholash mumkin.
Bu borada Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida BRM bo‘yicha ixtiyoriy ekspert muloqotini yo‘lga qo‘yish, milliy tajribalar almashish va qo‘shma loyihalar natijadorligini mavjud xalqaro indikatorlar asosida tahlil qilish foydali bo‘lar edi.
O‘zbekistonning BRMni milliy taraqqiyot ustuvorliklari bilan uyg‘unlashtirish tajribasi ham ushbu jarayonga amaliy hissa qo‘shishi mumkin. Zero, turkiy davlatlar hamkorligining haqiqiy qiymati faqat qabul qilingan hujjatlar yoki iqtisodiy ko‘rsatkichlarda emas, balki yangi ish o‘rinlari, sifatli ta’lim, ekologik xavfsizlik va aholi farovonligida namoyon bo‘ladi.
Tarixiy va madaniy birlikni aniq, o‘lchanadigan taraqqiyot natijalari bilan mustahkamlash turkiy davlatlarning mushtarak kelajagi uchun muhim vazifadir.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.