Turizmni rivojlantirish yo‘lida
Nukusda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi tomonidan turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Nukusda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi tomonidan turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Turoperatorlar, sayyohlik firmalari rahbarlari, soha mutaxassislari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida turizmni rivojlantirish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, mehmonxona va restoranlar faoliyatini takomillashtirish va turoperatorlar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasida sayyohlik sohasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan dasturning maqsadi va vazifalari, mamlakatimizda sayyohlikni rivojlantirishda Qoraqalpog‘istonning o‘rni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining sayyohlik sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlash borasidagi vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Mamlakatimizda 2012-yildan buyon O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida turizmni rivojlantirish, xorijlik mehmonlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, soha mutaxassislarining bilimi va malakasini yuksaltirish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.
– Hamkorlik samarasida Qoraqalpog‘istondagi muzeylar, qadimiy qal’a va tarixiy yodgorliklarni tomosha qilish uchun kelayotgan xorijlik sayyohlar oqimi sezilarli darajada ortmoqda, – deydi xalqaro ekspert Anya Vaydner. – Ularga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi va sifati ham yaxshilandi. Sohani yanada rivojlantirish uchun bu yerda sharoit yetarli, sayyohlar e’tiborini tortadigan obyektlar juda ko‘p. Ular bo‘yicha yangi yo‘nalishlar tashkil etib, xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish yaxshi natija beradi. Sayyohlarni ko‘proq jalb etish maqsadida ularga xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar, amaliy san’at asarlari – suvenirlar ishlab chiqarayotgan hunarmandlar ishtirokida o‘tkazilgan seminar-treninglar samarali bo‘lmoqda.