Turizm sohasiga doir xalqaro simpozium
Poytaxtimizda “O‘zbekistonda madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash va turizmni rivojlantirish: nazariyadan amaliyotga” mavzusida xalqaro simpozium o‘tkazildi.
O‘zbekistonning tarixiy, me’moriy, arxeologik, madaniy merosini asrab-avaylash va ommalashtirish, turistik ob’ektlarni rekonstruksiya va restavratsiyalash sohasida xorijiy ekspertlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, restavratsiya ishlari va me’moriy merosni asrab-avaylashni takomillashtirish bo‘yicha strategik taklif va tavsiyalar tayyorlash, yangi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish maqsadlariga qaratilgan xalqaro simpozium Turizm va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish instituti, Xitoyning “Ipak yo‘li bo‘ylab qirg‘oqbo‘yi va qit’a shaharlari ittifoqi, Aqlli shahar va yangi sanoat qo‘mitasi” xalqaro tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.
Onlayn formatda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, Pekin saroy muzeyi Madaniyatni saqlash jamg‘armasi, Turizmni rivojlantirish instituti, Xitoy madaniy merosni asrash jamg‘armasi , "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti mutasaddilari, sohaning boshqa mutaxassislari ishtirok etdi.

Simpoziumni O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Tursunali Qo‘ziyev ochib berdi.
- Bu simpozium va uning dasturidagi ma’ruzalar nainki O‘zbekiston va Xitoy davlatlari, ularning xalqlari, ayniqsa yoshlari uchun, balki butun dunyo hamjamiyati uchun g‘oyat dolzarb masala va muammolarni, ularning yechimini birgalikda, tajriba va yutuqlarni bahamjihat ko‘rib chiqish imkonini beradi, - dedi T.Qo‘ziyev.- O‘zbekiston va Xitoy - ikki buyuk tarix, inklyuziv madaniyat va insoniyat sivilizatsiyasining ilk beshiklaridan bo‘lgan davlatlardir.
Darhaqiqat, davlatlarimiz hududida saqlanib qolgan madaniy merosni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazish g‘oyat mas’uliyatli vazifa. Simpozium mazkur yo‘nalishdagi ishlarga atroflicha baho berish, asrlar osha bizgacha yetib kelgan madaniy merosni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazib berishni ta’minlashga oid dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston va Xitoyning turizmni rivojlantirish bo‘yicha salohiyati va resurslari juda katta. Ikkala davlatda ham turizmning istalgan turi - madaniy-tarixiy, tibbiyot va sog‘lomlashtirish, voqeaviy, festivallar, ekoturizm, ziyorat, gastronomik, qishloq, eski shahar turizmi kabi yangi va istiqbolli sayyohlik yo‘nalishlarining keng va rang-barang turi, imkoniyatlari mavjud.
Biroq jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yillar o‘tgani sayin madaniy-tarixiy turizmning ahamiyati tobora ortaveradi. Demak, ularni asrab qolish uchun turli tabiiy va notabiiy tahdidlardan himoyalash, muhofaza qilish, asrab-avaylashimiz uchun juda ko‘p zamonaviy tadqiqot, texnologiya va amaliyotlarni mujassam qilgan chora-tadbirlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmog‘i kerakligi simpoziumda alohida qayd etildi.
Tadbir doirasida yalpi majlislar bo‘lib o‘tdi va simpoziumning muhokama qismi tashkil etildi. Unda madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash bo‘yicha dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Olimlar va mutaxassislar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti, Tarix instituti va milliy arxeologiya markazi, Global meros jamg‘armasi, Xitoy madaniy merosni saqlash jamg‘armasi vakillari, shuningdek, turizm sanoati ishbilarmon doiralarining amaliy tavsiyalari tinglandi.
Tadbir davomida mamlakatimizning noyob arxeologik va me’moriy merosini asrab-avaylashga mas’ul vazirlik va idoralar vakillari o‘rtasida konstruktiv muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu borada mavjud tashabbuslar bo‘yicha ijobiy tajriba almashish, shuningdek, O‘zbekistonning qadimiy obidalarini asrab-avaylash va tiklashga oid qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi.
Simpozium yakunlari bo‘yicha madaniy merosni asrab-avaylash va barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma amaliy tavsiyalar qabul qilindi. Shuningdek, restavratsiya ishlarini takomillashtirish va O‘zbekistonning boy arxeologik va me’moriy merosini asrab-avaylash bo‘yicha strategik taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Usmonova, O‘zA