Turizm sohasi uchun malakali kadrlar
O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati yildan yilga ortib bormoqda.
...Erta tongda «Shodlik Palace» mehmonxonasiga xorijlik mehmon kirib keldi. Uni mehmonxona xodimi, Toshkent mehmonxona xo‘jaligi va servis kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Ulug‘bek Abdurahmonov tabassum bilan qarshi oldi va hujjatlarini rasmiylashtirib, mehmon xohishiga ko‘ra xonaga joylashtirdi.O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati yildan yilga ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni buni yaqqol tasdiqlaydi. Mazkur hujjat mamlakatimiz hududlarida sayyohlik sohasini jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.
Toshkent mehmonxona xo‘jaligi va servis kasb-hunar kolleji direktori Nodir Zohidovning aytishicha, 2010-yildan buyon ushbu o‘quv muassasasida mehmonxona xo‘jaligi va turizm yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ayni paytda bu yerda 972 nafar yigit-qiz bilim olmoqda. Kollejda o‘quvchilar nafaqat nazariy, balki amaliy bilimga ham ega bo‘lmoqda. Shu maqsadda tashkil etilgan maxsus kafedrada sayyohlik va mehmonxona xizmatlari, restoran biznesini tashkil etish bilan bog‘liq fanlar o‘qitilmoqda.
O‘quv muassasasidagi turizm va mehmonxona xizmati, restoran xizmati, milliy taomlar, oshpazlar, qandolatchilar, novvoylar va mehmonxona laboratoriyasi kabi oltita o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar o‘quvchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlab, amaliy ko‘nikmalari boyishiga yordam bermoqda.
Kollej axborot-resurs markazi o‘quvchilarning mustaqil ta’lim olishi va o‘z bilimini oshirishiga yordam berayotir. Bu yerda ijtimoiy-gumanitar, maxsus va aniq fanlar bo‘yicha adabiyotlar, xorijiy va o‘zbek yozuvchilarining asarlari to‘plangan. Markaz fondi o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi maxsus adabiyotlar bilan muntazam boyitilmoqda.
Ingliz tilini bilish sayyohlik sohasi xodimlari uchun asosiy talablardan bo‘lgani bois kollejda ingliz tili chuqur o‘rgatiladi.
Kollejning 42 o‘qituvchi va 14 ishlab chiqarish mutaxassisi rahbarligida o‘quvchilar o‘z sohasining barcha nozik sir-asrorlaridan xabardor bo‘lmoqda. Bu yerda yoshlarga o‘z sohasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmadan tashqari, sayyohlik sohasini tartibga soladigan milliy va xalqaro qonunchilikni o‘rgatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Qonunchilik talablarini puxta bilish va ularga qat’iy rioya qilish turizm sohasini rivojlantirish, sayyohlik firmalari va mehmonxonalari ish sharoitlarini yaxshilash imkonini beradi, –deydi maxsus fanlar o‘qituvchisi Vazira Umarova. – Menejment, marketing va turizm xizmatlarini tashkil etish darslarida sohaga oid amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Toshkent mehmonxona xo‘jaligi va servis kasb-hunar kolleji poytaxtimizdagi sayyohlik firmalari, mehmonxonalar va yirik restoranlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Buning samarasida o‘tgan o‘quv yilida kollejni bitirgan 272 bitiruvchining aksariyati to‘rt tomonlama shartnoma imzolaganidan so‘ng ishlab chiqarish amaliyotini o‘tagan firma, korxona va mehmonxonalarda faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Biz mehmonlarga nafaqat sifatli xizmat ko‘rsatishimiz, balki ularga mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari, xalqimizning boy urf-odatlari haqida ham batafsil ma’lumotlar berishimiz zarur, – deydi kollej bitiruvchisi Ulug‘bek Abdurahmonov. – Kollejimizda shunday bilim olishimiz va ko‘nikmalarga ega bo‘lish uchun barcha sharoit yaratilgan. «Shodlik Palace» mehmonxonasida amaliyotni o‘tab bo‘lgach, menga shu yerda qolishimni taklif etishdi. Bundan juda xursandman.
Sayyohlik firmalari va mehmonxonalar uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash O‘zbekistonda turizmni yanada rivojlantirishning muhim omillaridan biridir.