Tuproq muhofazasidagi muammo va yechimlar
Turli ekologik muammolar oqibatida tuproq unumdorligi pasayib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani barchamizga ma’lum. Shu bois mamlakatimizda tuproqni muhofaza qilish, uning unumdorligini oshirish, tuproqlarning holatini yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Prezidentimizning qator qarorlari qabul qilinib, sohani rivojlantirishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “Respublikada sho‘rlangan va unumdorligi past bo‘lgan yerlarni ekin maydonlariga aylantirish hamda hosildorlikni oshirish masalalari: muammolar va yechimlar” mavzusida seminar o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda tuproq sho‘rlanishi muammolari va ularning yechimlari hamda tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashishda zamonaviy yondashuvlar keng muhokama qilindi. Soha mutaxassislarining taklif-tavsiyalari va mulohalari tinglandi.

Qayd etilganidek, “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilingan bo‘lib, unda tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi huquq va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish, tuproqlarning holatini yaxshilash, unumdorligini saqlash, shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari, yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproq holati va sifatiga ta’sir qiluvchi loyihalar, vositalar va texnologiyalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish masalalari o‘z aksini topgan.

Yerdan foydalanishda qonunchilikka rioya qilish, tuproq unumdorligini saqlashga e’tibor qaratish, sho‘rlangan yerlarni ekin maydonlariga aylantirish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, muhokamalarda so‘z olgan deputatlar murakkab iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalar va amaliyotlarni joriy etish, tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
M.Komilova, O‘zA