Tuman hokimi hasharchilar huzurida
Jizzax viloyatining Zafarobod tumani hokimi N.Radjapov paxta yig‘im-terimiga o‘z xohish-irodasi bilan qo‘shni viloyatlardan kelgan hasharchilar holidan xabar olib, ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, murojaatlarini tingladi.
Ushbu uchrashuv joriy yilning 2 oktyabr kuni kechki payt tumandagi Oxunboboyev nomli suv iste’molchilari uyushmasi paxtakorlarining dam olish dala shiyponida bo‘lib o‘tdi.

Tuman hokimi hasharchilar uchun yotoq joyidagi sharoitlar, ularga berilayotgan issiq ovqat, tergan paxtalari uchun to‘lanadigan haq borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi.
– Yotoq sharoitimiz yaxshi, nolisak uyat bo‘ladi, – deydi Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidan paxta yig‘im-terimiga hasharga kelgan Zamira Kubayeva. – Ertalab non, saryog‘, shakar va choy berilib, tushlik uchun issiq ovqat tayyorlanib dala boshida, kechki issiq ovqat esa shu yerda, yotoq joyimizda tarqatilayapti. 2-terimga tushganimizdan buyon 1 kilogramm tergan paxtamizga 1 ming 730 so‘mdan har 3 kunda hisob-kitob qilinib to‘lab borilayapti. Tergan paxtamizga to‘lanadigan haqdan tashqari, har oyda, har birimizga 1 million so‘mdan oylik maosh ham to‘lanayapti. Bulardan tashqari, tuman hokimligi, klaster va homiylar kelib har 5 kunda ilg‘or terimchilarimizga qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirilmoqda. E’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda-juda minnatdormiz, rahmat jizzaxlik tanti rahbarlarga.

Zafarobodlik paxtakorlar tomonidan yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olishda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shayotganlari uchun qo‘shni viloyatdan kelgan hasharchilarga tuman hokimi N.Radjapov samimiy minnatdorlik bildirdi va ilg‘or terimchilarga sovg‘a-salomlar topshirdi.
Tumandagi Oxunboboyev nomli SIUda o‘tgan ushbu tadbir davomida kechki ovqatga doshqozonda to‘y oshi damlandi.

Tuman madaniyat uyi havaskor san’atkorlari va iqtidorli yoshlari ijrosida hasharchilar uchun konsert dasturi namioyish etildi.
Dilrabo kuy-qo‘shiqlarga tuman hokimi ham hasharchilar bilan birga raqsga tushdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat) O‘zA