“Tug‘yon” — nurotalik yosh ijodkorlar bayozi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyat bo‘limi hamda Nurota tuman hokimligi, tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi hamkorligida 5-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida o‘quvchi-yoshlarning ijodiy namunalari jamlangan “Tug‘yon” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu kitob Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida iqtidorli o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirishga bo‘lgan e’tiborning bir namunasi ekanini e’tirof etishdi. Bunday rag‘bat yoshlarning adabiyotga qiziqishini kuchaytirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, o‘zbek adabiyoti rivoji yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
– Mazkur mo‘’jaz kitob Nurota tumani maktablari o‘quvchilarining ezgulik, go‘zallik olami – adabiyot, badiiy ijodga bo‘lgan intilishlaridan tug‘ilgan tuyg‘ulari hosilasidir, - deydi faxriy jurnalist, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Sharbat Muxtorova. – O‘ylaymanki, o‘quvchilarning beg‘ubor hislari bilan yo‘g‘rilgan mashqlari va ijodkor o‘qituvchilarning ko‘ngil kechinmalari aks etgan mazkur bayoz adabiyot ixlosmandlari qalbidan munosib o‘rin egallaydi. Yoshlarimiz bu kitob bilan jurnalistika, adabiyot, she’riyat olamiga o‘zlarining ilk qadamini tashlayotgan bo‘lishsa, ajab emas. Ular kelgusida viloyatimizning eng iste’dodli shoirlari, jurnalistlari, olimu olimalari bo‘lib yetishishiga ishonaman. Shu o‘rinda kitobni chop ettirishda beminnat yordamini ayamagan homiy tashkilotlarga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
[gallery-15822]
Tadbirda “Tug‘yon” bayoziga kiritilgan she’rlardan namunalar o‘qib berildi. Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishlari, yoshlikni, baxtiyor bolalikni, tinchlik va istiqlolni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA