Transportdan bepul foydalanuvchilar safi kengaymoqda
Qonun loyihasiga sharh
Mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya choralarini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi ishlar asosida ayrim toifadagi fuqarolarning shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish imkoniyatlari yaratilgani e’tiborga molik.

Jumladan, bugungi kunda 9 toifadagi shaxslar shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish huquqiga ega. So‘nggi 2 yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan fuqarolarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish imkoniyati berildi.
Endilikda bu toifadagi shaxslar safi kengaymoqda. Yangi ishlab chiqilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasiga ko‘ra, I guruh nogironligi bo‘lgan va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga hamda Ikkinchi jahon urushi nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga shahar yo‘lovchi transportidan bepul foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, loyihada davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari avtomobil transportida yo‘lovchi va yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik faoliyatiga aralashishi hamda ushbu tashkilotlarning ishlayotgan xodimlarini boshqa ishlarga jalb etishi faqat tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan, bunday holat joriy etilgan hollarda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Yaqinda parlament quyi palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan mazkur qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlar to‘ldirilishiga asos bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA