Transport xizmatlari eksporti 38,6 foizga oshgan
Transport va logistika sohasi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonning geografik joylashuvi mamlakatni Osiyo va Yevropa bozorlarini bog‘lovchi strategik tranzit nuqtasiga aylantirmoqda.
Bu borada joriy yil yanvar-sentyabr oylari yakuni bilan 133,6 trln. so‘mlik transport xizmatlari ko‘rsatilib, 2024 yilga nisbatan 112 foizni tashkil etdi. Respublika bo‘yicha avtomobil, temir yo‘l va havo transporti turlarida jami 1129,4 mln. tonna yuk tashilib, o‘sish ko‘rsatkichi 4,5 foizni tashkil qildi.

Joriy yilning 9 oyida xalqaro yuk tashuvlar hajmi (eksport, import, tranzit) 49,2 mln. tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,6 foizga o‘sdi. Transport xizmatlari eksporti esa 1 mlrd. 756,7 mln. dollarga yetdi va o‘tgan yilga nisbatan 38,6 foizga oshdi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuvda aytib o‘tildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda yuk tashish hajmlari barqaror o‘sib, logistika markazlari soni ko‘paymoqda. “E-logistika” axborot tizimining yaratilishi orqali transport-logistika markazlarining yagona elektron bazasi shakllantirildi.
Mamlakatimizda hozirda 16 ta yirik multimodal logistika markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning yillik yuklarga ishlov berish quvvati 10,7 mln. tonnani tashkil etadi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni uch barobargacha oshirish, ya’ni 30 mln. tonnadan ziyod yuk aylanmasini ta’minlash rejalashtirilgan.
Uchrashuvda transport infratuzilmasini rivojlantirish, logistika xizmatlarini raqamlashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA