Transport sohasidagi yirik investitsiya loyihalarining borishi ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Transport infratuzilmasi iqtisodiyot tarmoqlarini o‘zaro bog‘lash, hududlar salohiyatini to‘liq ishga solish, aholi va biznes uchun qulaylik yaratishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda avtomobil yo‘llari, aviatsiya, logistika va xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Taqdimotda, avvalo, “Toshkent – Samarqand” muqobil avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ko‘rib chiqildi. Ushbu yo‘lning uzunligi 282 kilometr bo‘lib, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarini bog‘laydi. Yo‘l I-a toifada, sement-beton qoplamali, har ikki yo‘nalishda uchtadan harakat tasmasi bilan quriladi. Loyihaviy tezlik soatiga 150 kilometrni tashkil etadi.

Loyiha doirasida 12 ta transport yechimi, 60 ta tunnelli o‘tish joyi, 91 ta ko‘prik, 16 ta yo‘l o‘tkazgich, 258 ta drenaj inshooti va intellektual transport tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 12 ta terminal, yo‘l bo‘yi infratuzilmasi va vazn o‘lchash tizimi tashkil qilinadi.
Salohiyatli investorlar bilan muzokaralar jarayonini jadallashtirish va qurilish ishlarini qisqa muddatlarda boshlash topshirildi.
Mamlakatimizda aviatsiya sohasida yangi ekotizimni shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, hududlardagi 7 ta xalqaro aeroport zamon talablari asosida rekonstruksiya qilinyapti. Mo‘ynoq, Qo‘qon, Zomin, Shahrisabz, Sariosiyo, So‘x tumanlarida yangi aeroportlar barpo etilib, ularning soni 18 taga yetkazildi.
Xususan, Navoiy xalqaro aeroporti faoliyatini loyihaviy boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish, uning tijorat mustaqilligini oshirish ishlari olib borilmoqda. Unga mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi va yuk tashish, tranzit hamda texnik qo‘nishlar bo‘yicha mustaqil muzokaralar olib borish va shartnomalar tuzish huquqi berilgan.

2030-yilga borib, aeroportda parvozlar sonini 2,3 barobarga oshirib, yiliga 7 mingtaga, yo‘lovchi tashish hajmini 150 ming nafarga, yuk tashishni esa 45 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan “porto-franko” erkin zonasi tashkil etiladi.
Taqdimotda Yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish loyihasi ko‘rib chiqildi.
Aeroport yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Yo‘lovchi terminali maydoni 208,4 ming kvadrat metrni tashkil etib, 169 ta havo kemasi turargohi, har biri 4 kilometrdan bo‘lgan 2 ta uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etiladi.
Hozirga qadar xalqaro moliya institutlari talablari asosida ekologik va ijtimoiy ta’sirni baholash ishlari o‘tkazildi. Loyiha hududida kanal, kollektor va elektr tarmoqlarini ko‘chirish ishlari boshlangan. Ayni paytda loyiha va pudrat tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Fuqaro aviatsiyasi korxonalarini aviayoqilg‘i bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Aeroportlardagi yoqilg‘i quyish majmualarining umumiy sig‘imi 49 ming tonnani tashkil etadi. 2030-yilga qadar mahalliy aviayoqilg‘i ishlab chiqarish hajmini yiliga 600 ming tonnaga, aviayoqilg‘i saqlash quvvatlarini esa 80 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu maqsadda Navoiy, Andijon, Buxoro, Urganch va Yangi Toshkent xalqaro aeroportlarida yangi saqlash quvvatlari barpo etiladi.
Yoqilg‘ini saqlash va quyish jarayonlarini xalqaro standartlarga bosqichma-bosqich o‘tkazish zarurligi qayd etildi. Yoqilg‘i quyish majmualarini boshqarish jarayonlari joriy yilda to‘liq raqamlashtirilishi, aeroportlar yoqilg‘i quyish majmualari faoliyatida texnologik jarayonlar talablariga rioya etilishi ustidan tizimli davlat nazorati o‘rnatilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari transport infratuzilmasini rivojlantirishda loyihalarning iqtisodiy samaradorligi, qurilish sifati, xavfsizlik talablari va aholi uchun qulaylik asosiy mezon bo‘lishi zarurligini ta’kidladi hamda tegishli ko‘rsatmalar berdi.