Tramp Zelenskiyni urushni tugatishni istamayotganlikda aybladi (+video)
AQSH Prezidenti Donald Tramp Vladimir Zelenskiyni yana keskin tanqid qilib, Rossiya bilan urushni tugatishni istamayotganlikda aybladi. Shuningdek, u RF yetakchisi Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda VVS xabar bergan.
Trampning yangi bayonoti AQSH va Ukraina munosabati keskin sovigan bir paytda yangradi. Jurnalistlarning Rossiya – Ukraina munosabatiga oid savoliga javob berar ekan, u Zelenskiydan noroziligini bildirdi:
– Zelenskiy masalani hal qilishi kerak edi. Agar u gapimga quloq solganida, allaqachon kelishuvga erishgan bo‘lardi.
Trampning fikricha, Ukraina nomidan muzokarani boshqa birov olib borishi vaqti kelgan. Ayniqsa, Putin bilan telefon orqali suhbatlashgandan keyin Trampning Zelenskiy bilan munosabati keskin yomonlashdi. Shundan so‘ng Tramp Rossiyaga dizel yonilg‘isini jahon bozoriga yetkazib berish imkonini beradigan kelishuvga erishilganini ham ma’lum qildi.
Amerika nashrlari yozishicha, RF rahbari Tramp va Si Szinpin bilan uchrashuvni 18-19-noyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi forumi doirasida tashkil etish taklifini bergan.
AQSH, Xitoy va Rossiya rahbarlari ishtirokida Ukraina masalasi muhokama qilinadigan sammit haqidagi xabarlarga Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ham munosabat bildirib, Kiyev ishtirokisiz mamlakat taqdirini muhokama qilish mumkin emasligini ta’kidladi.
«Ukraina, AQSH va Rossiya rahbarlari o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuv urushni tezroq tugatishga yordam berishi mumkin», — deb yozdi Sibiga ijtimoiy tarmoqda.
«Rossiya, Xitoy va AQSH rahbarlari o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuv esa teskari natija beradi: Putinni urushni davom ettirishga rag‘batlantiradi», — deya qo‘shimcha qildi u.
“The Washington Post” gazetasi qayd etishicha, AQSH va Xitoy Rossiyaning sammit o‘tkazish taklifini qabul qiladimi-yo‘qmi, hali aniq emas.
Nashr ta’kidlashicha, Pekin Yevropa Ittifoqining ehtimoliy munosabatini ham hisobga olishi kerak. YeI Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy kuchlardan biri va Xitoyning eng muhim savdo hamkorlaridan hisoblanadi.
Rossiya va Ukraina o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlangandan beri Xitoy betaraf, tinchlikka tezroq erishish tarafdori ekanini bildirib kelmoqda. Binobarin, Pekin G‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilmay, RF tovarlari, jumladan energetika mahsulotlarini sotib olishda davom etyapti.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA