Tramp vitse-prezidentlikka kimni tanladi?
Kecha AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp agar saylovda g‘olib chiqsa, vitse-prezident sifatida Jey-Di Vensni ko‘rayotganini oshkor qildi. Ayni payt yangi nomzod cheksiz minnatdorligini izhor etishdan to‘xtamay, Tramp bilan birga kurashga kirishayotgani o‘zi uchun sharaf ekanini ta’kidlamoqda.
Respublikachilar partiyasi qurultoyida Tramp Vensga, agar g‘alabaga erishsa, vitse-prezidentlik lavozimini egallashni taklif qildi. Keyinroq anjuman Vensni ushbu lavozimga tasdiqladi.
– Minnatdorligimning cheki yo‘q, – deb yozdi Vens ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Nomzodim Donald Tramp bilan birga ko‘rsatilishi men uchun tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada sharaf. Bir vaqtlar tinchlik, farovonlik keltirgan inson sizning yordamingiz bilan bu ishni yana takrorlaydi. G‘alaba uchun olg‘a!
Vens 39 yoshda. Oilali, uch nafar farzandi bor. Bo‘lajak siyosatchi nufuzli Yel huquq maktabini bitirgan. Respublikachilarning mashhur donori, milliarder Piter Til bilan birga investitsiya jamg‘armasida ishlagan. 2023 yildan senator.
Ukraina masalasidagi chiqishlari bilan ham tanilgan Jey-Di AQSH tomonidan ajratilayotgan ko‘p milliard dollarlik yordamni tanqid qilib, hukumatni Rossiya bilan muzokaraga chaqirib keladi. Siyosatchi ta’kidlashicha, Kiyevning 1991 yildagi chegaralarni qayta tiklash maqsadi amalga oshmaydigan ish, mojaroni hal qilish uchun betaraf davlat bo‘lish va hududiy bahsni muzlatish lozim.
Vens haqida ekspertlar turli fikr bildirmoqda. Masalan, amerikalik sobiq diplomat Jeyms Karden u haqda “RIA Novosti”ga shunday dedi:
– Tajribasiz, shu bilan birga aqlli bu сенатор Tramp o‘ziga nomzod sifatida tanlashi mumkin bo‘lgan “eng muvaffaqiyatsiz” tanlov.
Nomzodi ko‘rsatilgandan keyin Vens “Fox News” telekanaliga bergan dastlabki intervyusida Tramp agar g‘alabaga erishsa, Rossiya – Ukraina mojarosini hal qilish va yadroviy tahdidni bartaraf etish bo‘yicha muzokara o‘tkazishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish zarurligini ham qo‘shimcha qildi:
– Mamlakatimizga noqonuniy yo‘l bilan kelganlarni deportatsiya qilishimiz kerak. Bu muhim siyosiy g‘alaba bo‘ladi. Birinchi navbatda Amerika qonunchiligini buzgan va jinoyat yo‘liga kirganlarni haydash kerak.
Xullas, hozir Amerika OAV ham, xorijiy matbot ham, jumladan Britaniyada chiqadigan “Times”, “Teleraph”, “Guardian”, “Financial Times” gazetalari, “Sky News” telekanali, Amerikaning NBC, CBS, CNN telekanallari, “Wall Street Journal”, “New York Times”, “Washington Post” va boshqa ko‘plab taniqli nashrlar, shuningdek Polshaning “Rzeczpospolita” va “Onet” gazetalari AQSH vitse-prezidentligiga Ogayo shtatidan senator Jey-Di Vens nomzodi ko‘rsatilgani haqidagi xabarlarni birinchi sahifaga joylashtirdi.
Qolaversa, ayni mavzu Sharqda ham keng muhokama qilinyapti. Xususan, Yaponiyaning NHK telekanali va “Iomiuri” gazetasi ham Vens shaxsiga bag‘ishlangan materiallarni ketma-ket e’lon qilmoqda.
Eng so‘nggi xabarlarga qaraganda, masalan, “Politico” nashri yozishicha, amaldagi vitse-prezident Kamala Xarris telebahs o‘tkazishni taklif etish maqsadida ehtimoliy hamkasbiga qo‘ng‘iroq qilgan. Afsuski, javob bo‘lmagan.
Jey-Di Vens avvalroq, aniqrog‘i 2022 yildagi intervyusida Ukraina kelajagi haqida qayg‘urmasligi, bu muammo uni qiziqtirmasligini aytgan edi, deb esladi 30 million obunachisi bor “The New York Times” sayti.
Kuzatuvchilar ta’kidlashicha, amerikalik siyosatchi Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga qarshi, Ukraina harbiy harakatni to‘xtatishi, Rossiya bilan muzokara boshlashi kerak, deb hisoblaydi.
Yevropa Ittifoqining yuqori darajali mulozimlaridan biri “Politico” nashri muxbiriga respublikachilardan vitse-prezidentlikka Senator Jey-Di Vens nomzodi ko‘rsatilishi Ukraina uchun “halokat”, dedi.
Prezident Jo Bayden esa jurnalistlar bilan suhbatda Vensni Trampning “klon”i sifatida ta’riflab, “Barcha masalalarda Trampning “duragay”i, hech qanday farq ko‘rmayapman”, - degan.
Ehtimol, yuqoridagi fikrlar Jey-Di Vens qanday siyosatchi ekanligiga biroz oydinlik kiritar...
Saidmurod Rahimov,
O‘zA