Tramp va Konstitutsiya to‘qnashuvi
AQSH Oliy sudi mamlakatda keskin bahsga sabab bo‘lgan masala – tug‘ilish orqali bevosita fuqarolik berish tartibi bo‘yicha qaror chiqarishi kutilyapti. Donald Tramp ma’muriyatining muhojirlar farzandlariga nisbatan ayni huquqni cheklashga qaratilgan tashabbusi millionlab oilalar uchun juda muhim.
Prezident imzolagan farmonda AQSH hududida tug‘ilgan har bir bola o‘z-o‘zidan fuqarolik olmasligi kerakligi belgilangan. Ma’muriyat fikricha, agar ota-ona mamlakat fuqarosi yoki doimiy yashash huquqiga ega bo‘lmasa, bolaga ham bu maqom to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilmasligi lozim. Quyi instansiya sudlari esa ushbu farmon ijrosini to‘xtatib qo‘ygan.
Da’vogarlar mazkur tashabbus Konstitutsiyaning 14-tuzatishiga zidligini ta’kidlamoqda. Ushbu me’yorga ko‘ra, mamlakat hududida tug‘ilgan va qonunlarga bo‘ysunuvchi har qanday shaxs fuqaro hisoblanadi. AQSHda shu tamoyil qariyb bir yarim asrdan beri amal qilib keladi va mamlakatning asosiy huquqiy an’anasi sifatida qadrlanadi.
Mutaxassislar fikricha, agar Oliy sud yetakchi fikrini qo‘llab-quvvatlasa, har yili tug‘iladigan yuz minglab chaqaloqning huquqiy maqomi qayta ko‘rib chiqiladi. Shu tariqa migratsiya siyosatidagi eng keskin o‘zgarishlardan biri yuzaga kelishi ehtimoli bor.
Qaror nafaqat muhojirlar masalasi, balki Qo‘shma Shtatlarda fuqarolik tushunchasi qanday talqin qilinishiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA