Tramp va IT-kompaniyalar rahbarlari kelishuv imzoladi (+video)
AQSH Prezidenti sun’iy intellekt sohasida ish olib borayotgan eng yirik kompaniyalar – Google, Anthropic, Meta, OpenAI rahbarlari bilan uchrashdi. Muloqot yakuni bo‘yicha SI rivojini nazorat qilishga qaratilgan qo‘shma kelishuv imzolandi. Bu haqda DW yozgan.
Bitimga ko‘ra, har bir kompaniya SI modelini tayyorlash va amaliyotga joriy etish bosqichida kibernetika, biologiya va kimyo sohalaridagi xatarlar bilan bog‘liq xavfsizlik me’yoriga muvofiqlikni nazorat qilish uchun “ishonchli ichki mexanizm” yaratishi shart. Aniqlangan tahdid yoki muammo bartaraf etilishi lozim.
Shuningdek, IT-kompaniyalardan mustaqil auditorlar bilan hamkorlik qilish va SI tizimi xavfsizligini oshirish standarti hamda usullarini ishlab chiqishga qaratilgan qo‘shma yig‘inlarda muntazam ishtirok etish so‘raladi.
Tramp aytishicha, mazkur kelishuv kompaniyalar uchun majburiy emas. Agar korxona muayyan shartga rioya etmagan taqdirda ham qoida ijrosini sud orqali ta’minlashning iloji yo‘q. Hujjat asosan kompaniyalarning ixtiyoriy majburiyatiga tayanadi.
Biroz avvalroq Amerika yetakchisi SI masalasi bilan shug‘ullanadigan maxsus “Sun’iy intellekt kuchlari” tuzilishini e’lon qilgan edi. Qolaversa, Tramp bunday texnologiyalar taraqqiyotiga to‘sqinlik qilmoqchi emasligini ham bildirib, AQSH bu sohada Xitoydan o‘zib ketishini xohlayotganini ta’kidlagan.
Ayni tashabbus SI modellari nazoratdan chiqib ketgan, ya’ni test sharoitida internetga tarqalgan va xakerlik hujumlari amalga oshirilgan holatlar haqida xabarlar keskin ko‘paygan bir paytga to‘g‘ri keldi.
“The New York Times” gazetasi yozishicha, bozordagi ayrim sub’ektlar yetakchi IT-kompaniyalar sun’iy intellektdan kelib chiqadigan xavfni bo‘rttirib ko‘rsatyapti, deb hisoblaydi. Ya’ni, yirik kompaniyalar shu yo‘l bilan o‘z dasturchilarini yangi hodisalar uchun javobgarlikdan xalos qilib, o‘zaro kelishgan holda raqobatni cheklaydigan bir guruhga aylanishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, (video) O‘zA