Tramp va Humonaiy uchrashadimi? Tehron yakuniy qarorini e’lon qildi
Eron oliy rahbarining harbiy maslahatchisi AQSH prezidenti Donald Tramp va Oyatulloh Ali Humonaiy uchrashuvini inkor etdi. Bu yuqori darajadagi muloqot imkoniyatiga shubha tug‘dirmoqda.
Eron oliy rahbarining harbiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Mohsen Rizoiy Donald Tramp hamda Oyatulloh Ali Humonaiy o‘rtasida hech qanday uchrashuv bo‘lib o‘tmasligini ma’lum qildi, deb xabar berdi CNN. Rizoiy mavjud siyosiy vaziyatga to‘xtalar ekan, hozirgi sharoitda ikki davlat rahbarlari uchrashuvi mutlaqo rejalashtirilmaganini alohida ta’kidladi.
– Bunday voqea sodir bo‘lmaydi. Ayni paytda biz muloqotlarning faqatgina dastlabki bosqichida turibmiz, qolaversa, janob Trampning o‘zi muzokara jarayonini to‘xtatib qo‘ydi. Shu sababli oliy darajadagi uchrashuv haqida gap bo‘lishi mumkin emas, – dedi Eron rasmiysi o‘z intervyusida.
Bundan avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Yaqin Sharqdagi keskinlikni yumshatish bo‘yicha umumiy to‘xtamga kelishilsa, Eron oliy rahbari bilan shaxsan ko‘rishish ehtimoli borligini yashirmagan edi. Shuningdek, Tramp Vashington va Tehron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tiklash uchun yaxshi imkoniyat mavjudligini ham qayd etgan.
Biroq Eron tomoni bunday muzokaraga hali juda erta ekanini va bu masala kun tartibida umuman yo‘qligini bildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA