Tramp: Muloqotdan ma’no yo‘q!
Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi harbiy amaliyotni o‘n birinchi kecha ham to‘xtatmadi. Shu orqali Vashington mojaroni diplomatik yo‘l bilan yumshatishga hozircha tayyor emasligini yana bir bor namoyon qildi. Prezident Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Tehron uchrashuv o‘tkazish istagini bildirmoqda, biroq amaliy taklifsiz bunday muloqotdan ma’no yo‘q.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi bu galgi zarbalar harbiy manzillar, aviatsiya infratuzilmasi, dron saqlanadigan omborlar, dengiz ob’ektlari hamda ta’minot tarmog‘iga qaratilganini aytdi. Shuningdek, amerikalik harbiylar so‘nggi uch oy davomida Eron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlangan 30 dan ziyod tijorat kemasiga hujum qilganini bildirgan. Masalan, kecha yana bir neft tashuvchi tanker nishonga olinib, ekipaj kemani tark etishga majbur bo‘lgan. Mazkur harakat uchun mas’uliyatni Islom inqilobi muhofizlari korpusi o‘z zimmasiga olgan.
Darhaqiqat, Islom Respublikasi qarshi harakatni kuchaytirib, Bahrayn, Iordaniya va Kuvaytdagi nishonlarga zarba yo‘lladi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari poytaxtlar atrofida havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushgani, turli hududlarda portlash ovozi eshitilgani haqida axborot tarqatdi. Ayni payt Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif barcha tomonlarni vazminlikka chaqirib, o‘tgan oy erishilgan muvaqqat kelishuvni saqlab qolish uchun diplomatik sa’y-harakat faollashtirilganini ta’kidladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA