Tramp Moskvaga qarshi eng jiddiy qonunlardan birini imzoladi (+video)
AQSH Kongressining Vakillar palatasi chorshanba kuni Rossiyaga qarshi keng qamrovli yangi sanksiyalar paketini ma’qulladi, deb xabar berdi Euronews.
Bu esa DonaldTrampga Moskvaga qarshi so‘nggi yillardagi eng jiddiy qonunlardan birini imzolash imkonini berdi.Ukrainaning inson huquqlarini va muayyan manfaatlarni himoya qiluvchi tashkilotlari qonunning qabul qilinganini olqishladi va uni zudlik bilan amalga oshirishga chaqirdi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, yangi sanksiyalar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni yanada qiyinlashtiradi.
Sanksiyalar Rossiyaning energetika va mudofaa sohalariga, prezident Vladimir Putin va uning yaqin atrofidagi shaxslarga, shuningdek, Moskva G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun foydalanayotgan neft tashuvchi tankerlarga qaratilgan.
Jahon energetika bozori uchun eng muhim jihat shundaki, bu qonun Trampga Rossiya nefti va gazini katta miqdorda xarid qilishda davom etayotgan davlatlarga 100 foizgacha boj joriy qilish huquqini beradi. Bu chora, avvalo, Rossiyaning hali ham eng yirik xaridorlari bo‘lib qolayotgan Xitoy va Hindistonga ta’sir qilishi mumkin.
Aynan bojlar masalasi Vashingtonda Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchilar orasida ham bahslarga sabab bo‘ldi. Ayrim demokratlar Rossiyaga bosimni kuchaytirish tarafdori bo‘lsa-da, prezidentga savdo siyosati bo‘yicha bunday keng vakolat berishga qarshi chiqdi. Qonun tarafdorlari Rossiyaga bosimni yanada kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi. Ularning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi beshinchi yilga kirmoqda va hozircha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha aniq istiqbol ko‘rinmayapti.
Kiyev ham qonunni olqishladi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Kongressni sanksiyalarni tasdiqlashga ochiqdan-ochiq chaqirgan. Uning fikricha, Moskva muzokaralarga qaytishi uchun uni uzoq muddatli iqtisodiy bosim ostida ushlab turish kerak.
Hindiston esa o‘z siyosatini o‘zgartirmasligini ma’lum qildi. Sanksiyalarga qaramasdan mamlakat Rossiya neftini xarid qilishda davom etishini bildirdi. Rossiya Hindistonning muhim strategik va harbiy hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu esa Vashingtonning Moskvaga iqtisodiy bosim o‘tkazish va uni xalqaro iqtisodiy maydondan ajratish harakatlarini murakkablashtirmoqda.
Qonun Rossiyaning harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotgan kompaniyalar va xorijiy tashkilotlarga ham tatbiq etiladi. Shuningdek, Eron bilan bog‘liq amaldagi sanksiyalar muddati uzaytiriladi.
Kenja Bekjonov, O‘zA