Tramp Germaniyadagi harbiy ishtirokni qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Germaniyadagi amerikalik harbiylar sonini qisqartirish ehtimolini bildirdi. Bunga Tramp va Mersning Eron masalasi bo‘yicha kelishmovchiliklari sabab qilib ko‘rsatilmoqda, deyiladi Euronews xabarida.
Trampning bu bayonoti Mersning shu hafta boshida AQSHning Eron bilan urushda aniq strategiyasi yo‘q, deb tanqid qilganidan keyin yangradi.
Tramp chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda: «Qo‘shma Shtatlar Germaniyadagi qo‘shinlar sonini qisqartirishni ko‘rib chiqmoqda va qaror yaqin vaqt ichida qabul qilinadi», — deb yozdi.
AQSHning Germaniyada bir nechta yirik harbiy ob’ektlari mavjud. Ular orasida Yevropa va Afrika qo‘mondonliklari shtab-kvartiralari, Ramshtayn aviabazasi hamda AQSHdan tashqaridagi eng yirik harbiy tibbiyot markazi bor.
Trampning bu bayonotlarini NATO ga nisbatan tanqidlari bilan ham bog‘lash mumkin. U alyansni ikki oydan beri davom etayotgan Eronga qarshi urushda AQSHga yetarlicha yordam bermaganlikda aybladi.
Tramp birinchi marta bunday fikr bildirishi emas. U avvalgi prezidentlik davrida ham Germaniya hukumatini mudofaa uchun kam mablag‘ ajratayotganlikda ayblab, qo‘shinlarni qisqartirish niyatida bo‘lgan. 2020-yil iyun oyida u Germaniyada joylashgan taxminan 34,5 ming amerikalik harbiydan 9,5 ming nafarini olib chiqish rejasini e’lon qilgan, ammo bu amalga oshmagan. Keyinchalik Jo Bayden 2021-yilda prezidentlik lavozimiga kirishgach, bu rejani bekor qilgan.
Mers oldinroq, uning Tramp bilan shaxsiy munosabatlari ilgarigidek yaxshi ekanligini aytgan edi. Biroq u Eronga qarshi urush boshlanganidan beri munosabatlarining oldingidek ekanligiga shubha qilayotganini ta’kidladi.
U joriy yilning mart oyida Oq uyda Tramp bilan uchrashgan. O‘shanda Mers Erondagi hukumat o‘zgarishi ehtimoliga oid reja ishlab chiqish masalasida Vashington bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan edi.
Germaniya kansleri shuningdek, uzoq davom etayotgan mojaro jahon iqtisodiyotiga katta zarar yetkazishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari, jumladan Germaniya, Hurmuz bo‘g‘ozi yopilishi oqibatlaridan jiddiy aziyat chekmoqda.
Mers mojaroni zudlik bilan hal qilishga chaqirmoqda. Tramp esa Mersdan noroziligini yashirmayapti. Shuningdek, Germaniyaning iqtisodiy ahvolini ham tanqid qildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YrTOWbkIDvE" title="Tramp Germaniyadagi harbiy ishtirokni qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA