Tramp Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari bilan uchrashadi (+video)
AQSH Prezidenti Donald Tramp 8 avgust, juma kuni Oquyda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashadi. Ushbu muloqot Kavkaz mintaqasida barqaror tinchlik o‘rnatishga qaratilgan muhim diplomatik sa’y-harakat doirasida kechadi, deb xabar tarqatdi Euronews.
Armaniston hukumati kecha Pashinyanning AQSHga rasmiy tashrifi haqida ma’lum qildi: – 7-8 avgust kunlari Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan AQSHga tashrif buyuradi. Safar doirasida u Prezident Donald Tramp bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazib, Armaniston – AQSH strategik hamkorligini mustahkamlash masalasini muhokama qiladi. Shuningdek, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev ishtirokida uch tomonlama muzokara ham o‘tkaziladi.
“The Washington Post” yozishicha, Tramp bu uchrashuv orqali Yerevan va Boku o‘rtasidagi ko‘p yillik nizoni yakunlash va tinchlik bitimiga erishishni maqsad qilgan. Turli manbalar uchrashuv yakunida tinchlik bitimi e’lon qilinishi ehtimoli mavjudligini ta’kidlamoqda.
2024 yil 13 mart kuni Armaniston Tashqi ishlar vazirligi tinchlik shartnomasi loyihasi Ozarbayjon bilan kelishilgani va Yerevan hujjatni imzolash vaqti hamda joyi bo‘yicha muzokaraga tayyorligini ma’lum qilgandi.
Ayni payt Ozarbayjon TIV matbuot kotibi Oyxon Hojizoda mazkur kelishuv bir necha shart bajarilgan taqdirda amalga oshishi mumkinligini aytgan. Masalan, Armaniston Konstitutsiyasiga ushbu hujjatda aks etgan Ozarbayjonga nisbatan hududiy da’voni istisno etuvchi o‘zgarish kiritilishi lozim. Bunga javoban, Pashinyan kelgusida yangi Konstitutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqishi mumkinligini bildirgan. Yana bir shart orqali Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti huzuridagi Minsk guruhini rasman bekor qilish so‘ralgan. Boku bu tuzilmani eskirgan, deb biladi. Yerevan esa, o‘z navbatida, bunga mamlakatning ichki ishi sifatida qaraydi.
10 iyul kuni Aliyev va Pashinyan Abu-Dabida 5 soat muzokara o‘tkazdi. Suhbat davomida Zangezur yo‘lagi – Armanistonning Syunik viloyati orqali Ozarbayjonning asosiy qismini Naxchivon Muxtor Respublikasi bilan bog‘lovchi tranzit yo‘li asosiy masala sifatida ko‘tarildi. Yerevan bu yo‘lakka ruxsat berishga tayyorligini bildirgan holda, loyihaning huquqiy maqomi va yo‘lak nazorati yuzasidan aniq kelishuv talab qilmoqda.
Vashingtondagi uchrashuvlar ayni masalalarni qaydarajada hal qilishi bir necha kun ichida oydinlashadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7TWewEZFszc" title="Tramp Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari bilan uchrashadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA