Tozalik har joyda, har kuni kerak
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi respublika ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatini “Tozalik va yashillik makoni”ga aylantirish bo‘yicha targ‘ibot harakatlari doirasida o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganish davomida vazirlik huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, viloyat Ekologiya boshqarmasi tezkor guruhi mas’ullari hamda viloyat Ichki ishlar va Milliy gvardiya boshqarmalari vakillari ishtirokida hududlarning sanitar holati yuzasidan ekologik nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.

Unda Kogon shahri, Shofirkon va G‘ijduvon tumanlarida joylashgan oziq-ovqat hamda buyum bozorlari sanitariya talablariga javob bermasligi, sanitar tozalash infratuzilmasi ob’ektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish talablari buzilganligi aniqlandi. Holat yuzasidan “G‘ijduvon dehqon bozori”, “Kogon savdo market”, “Kogon Soxibkor dehqon bozori”, “Shofirkon dehqon bozori” va “Shofirkon savdo kompleksi” ma’muriyatining jami 5 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga taqdim etildi.

Shuningdek, o‘rganishda bir qator fuqarolar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlari aniqlandi. Har bir huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va 375 ming so‘mdan jarima qo‘llanildi.

Agentlik mas’ullari va Ekologik davlat nazorat inspektorlari tomonidan fuqarolar va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Unda sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi ob’ektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish hamda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish qoidalari batafsil tushuntirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.