«Toza havo» oyligi boshlandi
Ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko‘payishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga, bu esa o‘z navbatida respublikamizda, ayniqsa, Toshkent shahrida havosining ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan 2022 yil yakuniga ko‘ra, havo ifloslanishi bo‘yicha xalqaro havo indeksi reytingida poytaxtimiz 20-o‘rinni egallagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda 4 millionga yaqin avtotransport vositalari mavjud bo‘lib, shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Ulardan atmosferaga bir yilda o‘rtacha 1,3 million tonna zararli tashlamalar tashlanadi, bu umumiy tashlamalarning 63,0 foizini tashkil etadi (ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 88 foizga teng).
Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yurtimizda «Toza havo» oyligi boshlandi. Tadbir doirasida 79 ta yo‘l-patrul maskanlarida ko‘rik nuqtalari, shuningdek, viloyat va shaharlar markaziy ko‘chalarida ko‘chma postlar tashkil etilib, ularga 500 nafar xodim jalb etiladi.
Tadbir davomida respublikaning barcha hududlaridagi yo‘l-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy ko‘chalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek, 79 ta yo‘l-patrul maskanlarida ko‘rik nuqtalari, viloyat va shaharlar markaziy ko‘chalarida ko‘chma postlar tashkil etilib, ularga 500 nafar xodim jalb etiladi.
Tadbir 10 maygacha davom etadi.
O‘zA