Tovar-moddiy boyliklarning yashirin aylanmasi fosh bo‘ldi
Mamlakatimizning chegaradosh hududlaridagi aylanma yo‘llar orqali tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib kirish holatlari uchrab turibdi.
DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi va Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda qing‘ir ishga qo‘l urgan shaxs fosh etildi.
Farg‘ona tumani “Vodil” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi J. Aning yashash xonadonida Qirg‘iziston Respublikasidan yurtimizga aylanma yo‘llar orqali olib o‘tilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan va xorijda ishlab chiqarilgan 17 turdagi umumiy qiymati 65 million 197 ming so‘m bo‘lgan tovar-moddiy boyliklar aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tergovga qadar tekshirish organi tomonidan bojxona nazoratidan yashirin holatda moddiy boyliklar noqonuniy olib kirilib, sotish uchun saqlanayotganligi aniqlandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani sudi tomonidan J. A.ga nisbatan to‘plangan ish hujjatlari ko‘rib chiqilib, tegishli jazo tayinlandi. Ashyoviy dalil tariqasida olingan 11 turdagi tovar-moddiy boyliklar davlat foydasiga musodara qilinib, 6 turdagisi belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
M. Sulaymonov, O‘zA