Tovar kodi o‘zgartirilgani fosh bo‘ldi
Tovarlarning kodini o‘zgartirib, bojxona to‘lovlaridan qochish, pirovardida, yashirin iqtisodiyotga qo‘l urishga bo‘lgan urinishlar soha xodimlari tomonidan o‘z vaqtida fosh etilmoqda.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi va “To‘rtko‘l” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan Orolbo‘yida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyatlaridan birining nomiga olib kelingan “sanoat konditsioneri” tovarining hujjatlari tekshirilganida, taqdim etilgan kodlar shubha uyg‘otib, boshqarmaning TIFni notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi guruhi tomonidan ekspertiza tayinlandi.
Xulosaga ko‘ra, mazkur tovarlar taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilganidek kodga ega emasligi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013 yil 20 martda ro‘yxatdan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishda import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan texnologik jihozlar ro‘yxatini tasdiqlash haqidagi qaror ilovasida keltirilgan tovarlar ro‘yxatiga kiritilmaganligi aniqlandi.
Natijada esa 42 million so‘m bojxona to‘lovi davlat byudjetiga undirildi.
Dovud Abibullayev,O‘zA