Toshloqlik o‘qituvchi: “Ming dollar maosh olaman” (+video)
Xalqimizda “O‘z kasbining ustasi” degan naql bor. Bu e’tirof kasbiga sadoqat bilan yondashadigan, uni sevib, o‘zgalarga ham sevdira oladigan, shu orqali el-yurt o‘rtasida hurmat-e’tibor topadigan kishilarga nisbatan qo‘llanadi. Aslida ham, bunday kishilar kasb-hunaridan zavq oladi, shu bilan bir vaqtda moddiy manfaat ko‘radi.
Bugun yurtimizda ta’lim sohasiga har qachongidan-da ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zero, yuksak salohiyatli, intiluvchan yoshlar kelajagimiz qanday bo‘lishini belgilab beradi. Davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan ham ustoz-murabbiylarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qo‘shimcha imtiyozlar berish, ular mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qator farmon va qarorlar e’lon qilinmoqda.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi Muhammadkarim Po‘latov tashabbuskor va fidoyi pedagoglardan biri. Tumanning chekka qishlog‘ida ish boshlaganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lmasa-da, u o‘quvchi-yoshlarni kimyo faniga qiziqtirish, fan sirlarini o‘rgatishda quvonarli natijalarga erishmoqda.
– Bolaligimdan o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilganman. Har kuni maktab tomon shosharkanman, o‘quvchilarimning nigohlari, ularning porlab turgan ko‘zlari xayolimni band qiladi. Ularga nimanidir o‘rgatish, yangi bilimlar berish ustida bosh qotiraman, – deydi mahoratli o‘qituvchi. – Hozir o‘qituvchilar ishlaydigan davr keldi: barcha zarur inventarlar muhayyo, majburiy mehnat, ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechildi, maoshimiz ham yil sayin ko‘tarilib boryapti. Faqat mehnat qilish, o‘z ustida ishlash kerak.

Oliy toifali o‘qituvchi darslarda laboratoriya mashg‘ulotlariga alohida e’tibor qaratadi. “Doskada misol ishlash bilan bu fanga qiziqtirib bo‘lmaydi, amaliy mashg‘ulotlar paytida o‘quvchilar qanday jarayon kechayotgani, nima sodir bo‘lganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi, moddalarning xususiyatini chuqurroq tushunadi”, deydi u.
Darsdan keyingi to‘garak yoki laboratoriyada qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tkazish unga zavq bag‘ishlaydi. Turli konsentratsiyali rangli suyuqliklarni birin-ketin shisha idishga quyish orqali yurtimiz bayrog‘ini hosil qilishiga nima deysiz? Bunda o‘quvchilar bu suyuqliklar nima uchun bir-biriga aralashib ketmasligini, hayotda ham shunga o‘xshash ko‘p hodisalar sodir bo‘lishini anglab yetadilar.
– Aslida kimyo faniga kundalik turmushimizda juda ko‘p duch kelamiz. Bu fanni mo‘’jizalar ilmi deb ham atash mumkin. Bilim olishga undagan va doimiy nazorat qilib borgan ota-onamga, maktabda va Farg‘ona davlat universitetida sidqidildan ta’lim bergan Azizbek Haydarov, Solijon O‘rmonov, Alijon Ibragimov kabi ustozlarimdan behad minnatdorman. Barcha ustozlarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabriklayman, – deydi Muhammadkarim.
Har yili uning shogirdlari oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida yuqori natijalarga erishadi. Bugun uning o‘ndan ortiq o‘quvchilari oliy ta’limda tahsil olyapti. “Qancha oylik olyapsiz?” degan savolimizga “Yashiradigan joyi yo‘q, Prezidentimiz aytganidek, ming dollarga yaqin, – deya javob beradi u. – Direktor jamg‘armasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan beriladigan ustamalar, sinf rahbarligi va oliy toifa uchun belgilangan ish haqi qo‘shilib, shuncha bo‘lyapti-da”.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/2yrv987UdwE" title="Toshloqlik o‘qituvchi: “Ming dollar maosh olaman”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Sulaymonov,
O‘zA