Toshkentda yana 525 nafar fuqaroning uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etildi
Poytaxtda qonun asosida mulk huquqi rasmiylashtirilgan fuqarolar soni 927 nafarga yetdi.
Xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashining navbatdagi sessiyasida Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan xatlov ishlari natijalari ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, yana 525 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joylari hamda ular joylashgan yer uchastkalariga nisbatan egalik huquqi e’tirof etildi. Shu bilan poytaxtda «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi qonun ijrosi doirasida mulk huquqi e’tirof etilgan fuqarolar soni 927 nafarga yetdi.
Mazkur qonun fuqarolarga o‘z uy-joylari va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkonini beradi.
Mulk huquqi rasmiylashtirilgandan so‘ng fuqarolar uy-joyni oldi-sotdi qilish, hadya etish, meros qoldirish, bank kreditlarini olishda mulkni garovga qo‘yish, mulk bilan bog‘liq boshqa huquqlarni qonuniy ravishda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa avval huquqiy maqomi aniq bo‘lmagan uy-joylarni qonuniylashtirish, fuqarolarning mulkiy huquqlarini kafolatlash va ko‘chmas mulk bozorida huquqiy aniqlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA