Toshkentda Turkiy davlatlarda sud-huquq ta’limi va odil sudlovga bag‘ishlangan forum boshlandi
Toshkent shahridagi «Hilton Tashkent City» mehmonxonasi anjumanlar zalida “Turkiy davlatlarda sud-huquq ta’limi va odil sudlov: raqamli transformatsiya hamda ilg‘or tajribalar sari integratsiya” mavzusidagi xalqaro forum o‘z ishini boshladi.
Forumda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlarining sud-huquq ta’limi muassasalari, bosh prokuraturalari huzuridagi akademiyalar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov sudyalikdek nihoyatda mas’uliyatli va, shu bilan birga, sharafli kasb egalarini tayyorlash, amaldagi sudyalarning malakasini oshirish alohida talablar asosida yondashiladigan o‘ta murakkab vazifa hisoblanishini qayd etdi.

Shubhasiz, odil sudlov samaradorligini ta’minlash, birinchi navbatda, sudyalikka nomzodlarni qay darajada pishiq-puxta, bilimli, salohiyatli qilib tayyorlash bilan chambarchas bog‘liq. Albatta, bu borada har bir davlatning o‘ziga xos tajribasi, o‘ziga xos yondashuvlari bor.
O‘zbekiston taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bir bosqichi boshlangach, mamlakatimizda bo‘lajak sudyalarni tayyorlash va ularni qayta tayyorlashda ham juda katta amaliy ishlar qilindi.
Xalqaro forumda sud va huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlarni tayyorlashda sun’iy intellektni zamonaviy pedagogik vosita sifatida qo‘llash, sudyalarni tayyorlash va malakasini oshirish jarayonida sun’iy intellektni joriy etishning huquqiy asoslari, ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish amaliyoti kabi mavzular keng muhokama qilinadi. O‘zaro fikr va tajriba almashiladi.
N.Abduraimova, O‘zA