Toshkentda «New Port» turar joy majmuasi quruvchilariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Yakkasaroy tumanida fuqarolarning uyi noqonuniy buzib tashlangani va tegishli ruxsatnomalarsiz ko‘p qavatli uylar qurilgani holati yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Joriy yilning 2-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yakkasaroy tumani, Damariq mahallasi, A. Qahhor ko‘chasidagi 19-uyda yashovchi fuqarolarga kompensatsiya pullari to‘liq to‘lanmagani va ushbu xonadon «New Port» turar joy majmuasi mutasaddilari tomonidan noqonuniy buzilayotgani aks etgan videolavha tarqalgan edi.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Mega Logistics Servise» MCHJ mansabdor shaxslari majburiy ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari to‘liq yakunlanmaganiga qaramay, aholi xonadonini o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagani aniqlandi.
Bundan tashqari, ushbu qurilish tashkiloti tomonidan tegishli ruxsatnomalar olinmasdan turib, ko‘rsatilgan hududda 1 ta 20 qavatli, 2 ta 19 qavatli, 1 ta 12 qavatli va 1 ta 2 qavatli turar joy binolari noqonuniy ravishda qurilgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, «Mega Logistics Servise» MCHJ mansabdor shaxslari va boshqa aloqador shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi alohida nazoratga olingan bo‘lib, yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
O‘zA