Toshkentda faxriy shaxmatchilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi
Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida 50 yoshdan oshgan erkak va ayol shaxmatchilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatiga start berildi.
Musobaqaning birinchi tur bahslari oldidan tashkil etilgan tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari, faxriy shaxmatchilar va sport jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarov mamlakatimizda shaxmat sport turini rivojlantirish, uni aholi o‘rtasida keng ommalashtirish va hududlarda shaxmat infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Shuningdek, shaxmatni rivojlantirishda faxriy sportchilarning tajribasi, ularning yosh avlodga o‘rnak bo‘lishi hamda turli avlod vakillari o‘rtasidagi sport an’analarini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ochilish marosimi davomida faxriy shaxmatchilarning savol va takliflari tinglanib, ular yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
[gallery-32013]
Chempionat bahslari shveysar tizimida, 9 tur davomida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar har bir uchrashuvda o‘zlarining boy tajribasi, mantiqiy fikrlashi va strategik mahoratini namoyish etadi.
Mazkur musobaqa faxriy shaxmatchilarning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va mamlakatimizda shaxmatni yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA