Toshkent xalqaro kurash seminari yakunlandi
Milliy sport turlarini xalqaro maydonda targ‘ib etish va ularning nufuzini oshirish bugungi kunda sport diplomatiyasining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, o‘zbekona qadriyatlar va an’analarni o‘zida mujassam etgan kurash sportini dunyoga keng tanitish, murabbiylar salohiyatini oshirish orqali uning rivojiga yangi sur’at bag‘ishlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent shahridagi Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida kurash murabbiylari uchun tashkil etilgan xalqaro seminar yuqori saviyada o‘tkazildi. Uning yakuniy bosqichida sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Sherzodxon Qudratxo‘ja, IKA Bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri hamda Xalqaro kurash instituti rektori Habibulla Tojiyev ishtirokchilarni samimiy muborakbod etib, bir hafta davomida egallangan bilim va ko‘nikmalarni o‘z mamlakatlarida samarali tatbiq etishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja kurash sportini global sport turi sifatida yanada rivojlantirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yo‘lida bunday tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Marosim yakunida ishtirokchilarga seminar sertifikatlari hamda Xalqaro kurash assotsiatsiyasining “B” toifadagi murabbiylik litsenziyalari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirdan so‘ng mehmonlar Xalqaro kurash assotsiatsiyasi muzeyiga tashrif buyurib, kurash tarixi va uning boy merosini aks ettiruvchi noyob eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.
N.Rahmonova,
O‘zA