Toshkent viloyatida bog‘chalar qamrovi yanada oshadi
O‘tayotgan yil ko‘plab sohalar kabi maktabgacha ta’limda ham keng ko‘lamli islohotlar qilingani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Xususan, viloyat miqyosida hukumatning tegishli farmon va qarorlari asosida 7190 o‘rinli 45 ta davlat bog‘chalari uchun Respublika byudjetidan 278 milliard 65 million so‘m mablag‘ ajratildi. Hozir hudud bo‘yicha bog‘cha yoshidagi bolalar 218 609 nafar bo‘lib, ularning salkam 147 ming nafarga yaqini 1733 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrab olingan.
Joriy yilda Investitsiya, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” davlat dasturlariga asosan 40 ta 4595 quvvatga ega DMTT, 940 quvvatga ega 8 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, 1520 quvvatga ega 19 ta xususiy nodavlat, 7 440 quvvatga ega 194 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi. E’tiborlisi, bog‘chalarda bolalarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida autsorsing usuli joriy etilmoqda.
Bekobod, Nurafshon shaharlari, O‘rta Chirchiq, Bo‘stonliq, Zangiota, Toshkent, Qibray va Yangiyo‘l tumanlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bu usulni tajriba-sinovdan o‘tkazish ishlari boshlangan. Hozirda 126 ta davlat bog‘chasida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, 5 ta tuman-shaharda tarbiyachi-pedagoglar uchun “Ta’lim laboratoriya”lari tashkil etilib, hozirda ushbu loyihaga ko‘ra 4 oylik o‘quv dasturi asosida haftada 3 marotaba tinglovchilar “Bolalar psixologiyasi”, “O‘qitish metodikasi”, “Rus tili”, “Ingliz tili” yo‘nalishlarida MTT pedagoglari tahsil olyapti.
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 6 ta yo‘nalish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Shundan kelib chiqib, Toshkent viloyatida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi yil uchun qator ustuvor vazifalarni belgilab oldik. Birgina 2023 yil yakuniga qadar bolalarni maktabgachacha ta’lim tashkilotiga qamrab olish 78.7 foizga oshiriladi. Investitsiya dasturi asosida 19 ta davlat bog‘chasida rekonstruksiya ishlari olib borilib, 2 ta yangi bog‘cha quriladi. Shuningdek, 7 ta davlat xususiy sherikchiligi asosidagi, 130 ta oilaviy, 4 ta xususiy bog‘chalarni tashkil etish ham rejalashtirilgan. Mazkur sa’y-harakatlar tufayli tizim faoliyati yanada yaxshilanadi.
Sayyora Baratova,
Toshkent viloyati maktabgacha
ta’lim boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA