Toshkent viloyatida 4,5 ming gektar maydonga soya ekildi
Soya – aholining ekologik toza o‘simlik yog‘iga hamda chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklarini to‘yimli ozuqaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, yog‘-moy mahsulotlari importini kamaytirishda muhim o‘rin tutuvchi ekin.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil Toshkent viloyati dalalarida 10 ming gektar yer maydoniga soya ekish rejalashtirilgan bo‘lib, mavsum boshidan buyon 4 ming 555 gektarga yerga urug‘ qadaldi. O‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘p soya hosili yetishtirish mo‘ljallangan. Yangiyo‘l va Quyi Chirchiq tumanlari mirishkorlari bu yil mo‘ljalni yuqori olib, davlatga barakali xomashyo sotish rejasini bajarishni niyat qilgan.
Soya ekish ishlariga 75 dan ziyod yuqori unumli ekish seyalkalari jalb etilgan bo‘lib, ekish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash bo‘yicha nazorat o‘rnatilgan. Soyaning asosan (YeS MENTOR RS-2), (Solena RS-2) Mentor, Optima Slaviya, Silena navlari ekilyapti.
Soya doni tarkibida 50 foiz oqsil, 28 foizgacha moy borligi olimlar tomonidan ilmiy isbotlangan bo‘lib, xalq xo‘jaligida 400 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishda undan foydalaniladi.
Soyadan tashqari, viloyatda kunjut va kungaboqar o‘simliklarini ekish ham alohida e’tiborga olingan. Kungaboqar o‘simligi ham jahonda eng ko‘p tarqalgan moyli ekinlardan sanaladi. bugungi kunda 3 ming 80 gektar maydonda kungaboqar urug‘ini ekish rejalashtirilgan.
O‘zA