Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bo‘stonliq tumanidagi O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov nomidagi “E Voh” respublika o‘zbek tili olimpiadasi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ona tilimizga bo‘lgan ehtiromni yuksaltirish, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, buyuk shoirning boy adabiy merosini keng targ‘ib etishga qaratilgan tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, o‘qituvchilar, ijodkor yoshlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Anjuman davomida Erkin Vohidovning o‘zbek adabiyoti va milliy ma’naviyatimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, ona tilimizni asrab-avaylash va uning nufuzini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi. Shundan so‘ng shoir ijodiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy kecha, she’riyat va musiqa dasturlari namoyish etildi. Uning asarlari asosida sahnalashtirilgan teatr ko‘rinishlari ishtirokchilarga namoyish qilindi.

Tadbirda Erkin Vohidov nomidagi ikkinchi o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi g‘oliblari e’lon qilinib, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
***
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasidagi Yevropaning yetakchi kompaniyalaridan biri — “Lasselsberger Group” bosh direktori Yozef Lasselsberger bilan uchrashdi.
Muloqotda qurilish materiallari sanoatiga investitsiyalar jalb etish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va mahalliy xomashyo resurslaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kompaniyaning xalqaro tajribasi va ilg‘or texnologiyalari asosida viloyatda yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

1957-yilda tashkil etilgan “Lasselsberger Group” kompaniyasi bugungi kunda 26 ta mamlakatda 62 ta filialga ega. O‘zbekistonda kompaniya bilan hamkorlikda qurilish materiallari ishlab chiqarish va qayta ishlashga oid investitsiya loyihalari Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida amalga oshirilmoqda.
***
Toshkent viloyatida bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili(Bolalar ombudsmani)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili M. Z.Hamzayev hamda O‘zbekiston Bolalar tashkilotining viloyat bo‘limi rahbari I.Xolbayeva o‘rtasida imzolandi. Hamkorlik doirasida bolalar va yoshlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, shuningdek, profilaktik va ma’rifiy tadbirlarni birgalikda tashkil etish rejalashtirilgan.
A.Musayev,O‘zA