Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘rta Chirchiq tumanida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni sohaga keng joriy etish maqsadida tibbiyot muassasalari zarur texnik vositalar bilan ta’minlanmoqda.
Ayni paytda tumanda 145 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada qulay va samarali tashkil etish maqsadida tuman tibbiyot muassasalariga infokiosk va planshetlar tarqatildi.
Mazkur qurilmalardan foydalanish orqali tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish, bemorlar haqidagi ma’lumotlarni tezkor olish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini raqamli texnologiyalar asosida tashkil etish imkoniyatlari kengayadi.
***
Yurtimizga kirish uchun “Navoiy” chegara bojxona postiga piyoda kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklari belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Bojxona nazorati davomida yo‘lovchining qo‘l yuklari orasidan og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, jami 344 gramm zargarlik buyumlari aniqlandi.

Aniqlangan zargarlik buyumlarini fuqaro O‘zbekiston Respublikasiga qayta sotish maqsadida olib kirayotgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar 2025-yilning 20-iyulidan e’tiboran shaxsiy ehtiyoj uchun mo‘ljallangan zargarlik buyumlarini notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari doirasida olib kirishlari mumkin.
***
Toshkent tumanida “Ustoz-shogird” an’anasi asosida savatchilik hunarmandlari klasterini rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Asosiy maqsad “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan, shuningdek, vaqtincha ishsiz bo‘lgan ming nafar fuqaroni kasb-hunarga o‘rgatish va doimiy daromad manbai bilan ta’minlashdir.

Tadbirda tuman hokimligi mas’ullari savatchilik hunarini o‘rganish istagidagi fuqarolarga loyiha doirasidagi imkoniyatlar tushuntirildi. Xususan, hunar o‘rganuvchilar zarur xomashyo bilan ta’minlanishi ta’kidlandi. Loyiha doirasida fuqarolar uy sharoitida tol novdalaridan savat to‘qib, daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ma’lum qilinishicha, ushbu hunar orqali bir oila haftasiga o‘rtacha 1–2 million so‘m kafolatlangan daromad topishi mumkin.
A.Musayev,O‘zA.