Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bekobod tumanida yoshlar uchun boks sport turiga ixtisoslashgan zamonaviy sport majmuasi qurilishi boshlandi. Ushbu loyiha yosh avlodni sportga keng jalb etish, iqtidorli bokschilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun xalqaro talablarga javob beradigan sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Boks federatsiyasi vitse-prezidenti Saken Po‘latov, milliy terma jamoa bosh murabbiyi To‘lqin Qilichov, Olimpiya va jahon chempionlari, shuningdek, viloyat hamda tuman rahbarlari ishtirokida majmuaning tamal toshi qo‘yildi.

Yangi sport majmuasi Bekobod yoshlari uchun sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sportga mehr uyg‘otish va yangi iqtidorlarni kashf etishda muhim o‘rin tutadi.
***
Nurafshon shahar sport maktabida tibbiyot xodimlari o‘rtasida “5000 qadam” yurish marafoni o‘tkazildi. Maqsad sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiyot xodimlari o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish va sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishdir.


Unda shahardagi ko‘plab tibbiyot muassasalari vakillari faol ishtirok etdi. Ishtirokchilar belgilangan yo‘nalish bo‘ylab 5000 qadam masofani bosib o‘tdi. Yakunda eng faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***


Toshkent viloyatida YPX xodimlari tomonidan joylarda harakat xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Shu bilan birga, hududda jinoyatchilikni oldini olish va jamoat tartibini saqlash maqsadida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar davomida haydovchilarning transport vositasida o‘tkir tig‘li predmetlar saqlab kelayotgani aniqlanib, ularga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.
A. Musayev, O‘zA.