Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zamonaviy tibbiy bilimlarni ommalashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Janubiy Koreya davlatidan bir guruh tibbiyot xodimlar Toshkent viloyatiga amaliy tashrif bilan keldi.
Dastlab, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasida viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Sultonbekov boshchiligida soha mas’ullari mehmonlar bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kunning ikkinchi yarimida delegatsiya a’zolari uch guruhga bo‘linib, joylardagi tibbiyot muassasalarida mahorat darslari o‘tilmoqda. Shuningdek, Toshkent tumanidagi perinatal markaz faoliyati bilan tanishildi.
***
Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik bo‘limi va Chinoz tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar davomida “Telegram” messenjeri orqali firibgarlik bilan shug‘ullanib kelgan shaxs aniqlanib, ushlandi.

Aniqlanishicha, Chinoz tumanida yashovchi 33 yoshli fuqaro ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, “Telegram”da “Bunyodbek” nomli profil orqali onlayn daromad olish niyatida 5 million 850 ming so‘m pul o‘tkazganini va aldanganini bildirib qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Surishtiruvlar davomida ushbu firibgarlikni Buxoro viloyatida yashovchi 20 yoshli yigit sodir etgani ma’lum bo‘ldi. U messenjerda 10 dan ortiq soxta profil ochib, odamlarni “treyding” orqali daromad topishga ishontirgan va ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
***
Yangiyo‘l shahrida notinch oilalarni mustahkamlash va farzand tarbiyasiga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi. Toshkent viloyati sudi tomonidan tashkil etilgan tadbirda hududda yashayotgan oilalar, ajralish yoqasida turgan, sudga ajralish maqsadida murojaat qilgan er-xotinlar va ularning ota-onalari, sohaga aloqador mutasaddilar qatnashdi.

Dastlab namoyish qilingan “Farzand omonat” nomli qisqa metrajli film barchani e’tiborsiz qoldirmadi. Shundan so‘ng oilani mustahkamlash borasida fikr-mulohazalar almashildi. Ayrim notinch oilalar hudud mas’ullariga biriktirilib, profilaktik ishlar olib borish belgilandi.
A.Musayev,O‘zA.