Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ma’lumki, 2024 yilda “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida sportning kurash turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarning Respublika bosqichida Angren shahar Obliq mahallasida yashovchi Zarnigora Yo‘ldosheva faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Ushbu natija O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan qurib beriladigan zamonaviy street-workout maydonchasi bunyod etilishiga asos bo‘ldi va Angren shahrida zamonaviy street-workout sport maydonchasi barpo etildi.

Angren shahar Obliq mahallasida joylashgan 29-sonli umumta’lim maktabida barpo etilgan zamonaviy universal sport maydonchasi tantanali tarzda foydalanishga topshirildi. Tadbirda shahar hokimlik vakillari, sport maktablari, maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari hamda faollar ishtirok etib, yosh sportchilarga ezgu tilaklarni bildirdi.
***
Toshkent viloyatida aholi murojaatlarini joyida o‘rganish va ijobiy yechim topish maqsadida, Respublika ishchi guruhi tomonidan ommaviy sayyor qabul o‘tkazilmoqda.


Xususan, Olmaliq shahar va Oqqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida, fuqarolarning turli masalalarga oid murojaatlari mutasaddilar tomonidan tinglandi. Xususan, sud qarorlarining ijrosiga oid murojaatlar Majburiy ijro byurosi direktori M.Egamberdiyev va direktor o‘rinbosari Z.Holmuhamedov tomonidan qabul qilindi. O‘tkazilgan qabul jarayonida, hududlardan kelgan 18 dan ortiq fuqarolar aliment, ish haqqi, kompensatsiya, qarz undirish va boshqa ijro ishlari bo‘yicha o‘z murojaatlarini qoldirdi. Byuro rahbariyati tomonidan murojaatchilar o‘rganilib, ularni tez muddatlarda hal etish uchun mas’ullarga topshiriqlar berildi.
***
“Dolzarb – 90 kun” tadbirlari doirasida Nurafshon prezident maktabi yoshlari ishtirokida vatanparvarlik va sport tadbirlari o‘tkazildi.


Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chavandozlar maktabi va Nurafshon prezident maktabi bilan hamkorlikda yozgi ta’til vaqtida bolalar va o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan musobaqalarda yoshlar uchun ot sporti, kamondan otish, shaxmat-shashka, stol tennisi, futbol kabi sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Yakunda faol ishtirok etganlar maxsus diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
***
Bekobod tumanida joylashgan “Navbahor” nasos stansiyasi 530 gektar ekin maydonini suv bilan ta’minlaydi. Stansiyasida tashkil etilgan seminarda nasos stansiyalar va energetika boshqarmasi rahbar va mutaxassislari hamda Bekobod uchastka xodimlari ishtirok etdi.


Ishtirokchilar tomonidan jurnallarning tartibga asosan yuritilayotgani, asosiy vositalar inventarizatsiyadan o‘tkazilganligi o‘rganildi. Shuningdek, stansiyada ishlayotgan xodimlarga energiyani tejash choralari taklif qilindi. Seminar yakunida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
A.Musayev, O‘zA.