Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan DXX Ohangaron shahar xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda yana bir shaxs odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olindi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda Ohangaron shahrida yashovchi 2002 yili tug‘ilgan ayol (H.T.) oson pul topish maqsadida o‘ziga tanish bo‘lgan 2004 yili tug‘ilgan ayol(Z.O.)ni aldab, mo‘may daromad topishga ishontirib Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiya davlatining Istanbul shahriga fohishalik uchun jo‘natayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayolni Istanbulda Turkiya fuqarolari kutib olishi zarur bo‘lgan. Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi tegishli moddasi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining direktori Mansurbek Olloyorov Toshkent viloyati bo‘ylab ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rganish olib bormoqda.

Dastlab, Yangiyo‘l tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Unda fuqarolar bilan onlayn, telefon orqali muloqot, ariza qabul qilish borasida ishlar ko‘zdan kechirildi. Shundan so‘ng, Mansurbek Olloyorov Yangiyo‘l shahrida joylashgan 11-alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va bolalar bilan samimiy suhbat o‘tkazildi.

Kunning ikkinchi yarmida mutaxassislar bilan birga mahallalarda, xonadonlarda bo‘lib, “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” davlat dasturi doirasida belgilangan tartibda fuqarolar bilan muloqot olib borildi. Ularga aniq va tezkor yordam ko‘rsatish, oilaviy sharoitini yaxshilash borasida ijtimoiy xodimga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi.
***
Toshkentda “Ostim” birlashgan sanoat zonasi raisi Orxan Aydin boshchiligidagi turk ishbilarmonlari delegatsiyasining tashrifi doirasida o‘zbek-turk biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Zangiota tumanida “Ostim Global Sanoat Zonasi” ochilish marosimi ham o‘tkazildi.

Ishtirokchilarga yangi sanoat zonasida yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Mazkur sanoat zonasining hududi 100 gektarni tashkil etib, loyiha umumiy qiymati 150 million dollar bo‘lib, barcha muhandislik kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan. Elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarning bir qismini qondirish uchun quyosh elektr stansiyasi qurilmoqda.

Klaster usulida tashkil etilgan zonada savdo markazi, poliklinika, maktab, mehmonxona, tadqiqot va sertifikatlash bo‘yicha ilmiy markaz (R&D) hamda ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur kasblarga o‘rgatadigan kasb-hunar kolleji kabi ijtimoiy ob’ektlar qurilishi rejalashtirilgan.
***
Mamlakatimizda yoshlarni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirish, bilimlarini yuksaltirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi tizimida faoliyat yuritayotgan yosh kadrlar o‘rtasida “Eng yaxshi yosh huquqshunos” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Unda bir qator shartlar bo‘yicha qatnashchilarning bilimlari sinovdan o‘tkazildi.

Yakunda hakamlar hay’ati bahosiga asosan Yangiyo‘l shahar bo‘limi Kasb hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha bosh mutaxassisi Ilmira Akramova birinchi o‘rinni egalladi. Oqqo‘rg‘on tumani bo‘limi Ishga joylashtirish, ishsizlarni hisobga olish bosh mutaxassisi Elyor Toshpo‘latov ikkinchi o‘rinni, Ohangaron shahar bo‘limi Kasb hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha bosh mutaxassisi Madinaxon Zokirova uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblar respublika bosqichiga yo‘l oldi.
A.Musayev, O‘zA