Toshkent viloyati delegatsiyasi Xitoyda
Hamkorlik
Shu kunlarda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev rahbarligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Dastlab ular Anxoy provinsiyasining Bochjou shahri markazidagi dori-darmon vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi ulgurji bozor faoliyati bilan yaqindan tanishdi.


Mazkur yirik majmuada 40 mingta savdo ob’ekti mavjud bo‘lib, bu yerda Xitoyning qadimiy an’analarini saqlagan holda tayyorlangan turli dori-darmon vositalari savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Uchrashuv davomida har ikki tomon mazkur sohada ko‘plab fikrlar almashdi.
Shundan so‘ng, delegatsiya vakillari Bochjou shahrida joylashgan Ona va bola sog‘lig‘ini saqlash shifoxonasi faoliyati bilan tanishdi. 2020 yili tashkil etilgan mazkur muassasa shahardagi 6 milliondan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash va kasalliklar profilaktikasida ilmiy izlanishlar ham olib boradi. Delegatsiya vakillari ushbu muassasada bo‘lib, sog‘liqni saqlash sohasi rivojida davlat va xususiy sektorning o‘zaro hamkorligi ijobiy natija berishining guvohi bo‘ldi. Uchrashuvlar davomida Toshkent viloyatida ham “Ona va bola” ko‘p tarmoqli shifoxona qurish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.


Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Bochjou shahri Xalq kengashi raisi Du Yanan, shahar meri Sin Fenyey xonim va hukumat vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda qayd etilganidek, ushbu hudud Xitoyning farmatsevtika, turizm rivojlangan megapolisi hisoblanadi. Shundan so‘ng Piskent tumani hamda Bochjou shahri bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Endilikda bu ikki shahar “Birodarlashgan shaharlar” maqomini oldi.
Shuningdek, Piskent tumanida elektr shitlari va transformator ishlab chiqarish, tibbiy laboratoriya qurish, dorivor o‘simliklar yetishtirish hamda tayyor fitopreparatlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar ham imzolandi. Delegatsiya vakillari Bochjou shahri meri Fenyuy xonim hamrohligida farmatsevtika korxonasiga ham bordi. Bu yerda mehmonlar dorivor o‘simliklar yetishtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng har ikki mamlakat vakillari o‘rtasida muzokaralar olib borilib, takliflar tinglandi.


Viloyat hokimi Bochjoudagi dori-darmon va farmatsevtika yo‘nalishi bo‘yicha investorlar bilan o‘zaro hamkorlikda Toshkent viloyatida ham 50,0 gektar yer maydonida barcha infrastrukturalar bilan klaster usulida bir qator loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
A.Musayev,O‘zA.